Hongkong Markaziy Osiyo resurslari uchun kurashmoqda — «Reuters»
Singapurning Markaziy Osiyodagi faolligi ortib borayotgan bir vaqtda, Hongkong ham mintaqa bozoriga yirik da’vo bilan kirib kelmoqda.

Hongkong ma’muriyati rahbari Jon Li hukumat tarixidagi eng yirik — 70 kishilik delegatsiya boshchiligida 3-may kuni O‘zbekistonga yetib keldi. Tashrifdan maqsad mazkur muxtor shaharni Markaziy Osiyo uchun Xitoy hamda Janubi-Sharqiy Osiyoga ochiladigan asosiy moliyaviy va ishbilarmonlik darvozasi sifatida taqdim etishdan iborat. Bu haqda «Reuters» agentligi ma’lum qildi.
Tarkibidan 40 nafar yirik biznes yetakchisi o‘rin olgan delegatsiyaning ushbu turnesi dunyoda geosiyosiy keskinlik kuchayib, strategik tabiiy resurslarga talab ortib borayotgan bir davrga to‘g‘ri kelmoqda.
Jon Lining ta’kidlashicha, 1-may kuni Qozog‘istondan boshlangan va 5-mayga qadar O‘zbekistonda davom etadigan safar savdo, investitsiya, moliya, axborot texnologiyalari, madaniyat hamda turizm sohalaridagi hamkorlikni yanada chuqurlashtiradi.
Hongkong bu jarayonda o‘ziga xos «super-konnektor» vazifasini bajarib, Markaziy Osiyo kompaniyalariga Osiyo bozorlarini o‘zlashtirishda, Hongkong va Xitoy firmalariga esa global maydonga chiqishda yordam beradi.
Ushbu harakatlar Pekinning «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasida amalga oshirilmoqda. Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda Singapur ham o‘zini Janubi-Sharqiy Osiyoga ochiladigan asosiy darvoza sifatida ko‘rsatib, mintaqa bilan aloqalarni faollashtirmoqda.
Iqtisodiy loyihalar va savdo aylanmasi
Rasmiy statistikaga ko‘ra, Hongkong va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro tovar aylanmasi 2025 yilda 320 million dollardan oshdi. Bu 2020 yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan 27 foizga ko‘p demakdir.
Joriy yilda sinov tariqasida oltin markaziy kliring tizimi, shuningdek, qimmatbaho metallar savdosi va ularni qayta ishlash bo‘yicha to‘liq zanjirli tarmoq ishga tushiriladi. Bu yangi iqtisodiy o‘sish nuqtalarini shakllantirish doirasida amalga oshiriladi.
Ikki tomonlama aloqalar natijasi sifatida Qozog‘istonda volfram qazib oluvchi «Jiaxin International Resources Investment» kompaniyasi o‘tgan yilning avgustida Hongkong (HKEX) va Astana (AIX) fond birjalarida 153,1 million AQSH dollari miqdorida sarmoya jalb qilgan edi. Xitoyning ikkita yirik davlat korxonasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan ushbu kompaniya aksiyalari birjaga chiqqan kundan buyon qariyb 290 foizga qimmatlagan.
Shuningdek, Hongkongning «Cathay Pacific» aviakompaniyasi 2027 yilning birinchi choragidan boshlab Olmaotaga parvozlarni tiklaydi. Aviatashuvchi haftasiga uchta reys amalga oshirishni rejalashtirmoqda va bu ikki hududni bog‘lovchi yagona to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Hongkong o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilishi mumkin. Hongkongmaxsus ma’muriy hududi administratsiyasi rahbari Jon Li Kachchiu boshchiligidagi delegatsiya tashrifi doirasida o‘zaro vizasiz rejimni o‘rnatish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni tuzish niyati bo‘yicha verbal notalar almashilgan.





