add

Hukumat qarori bilan bank krediti va tashqi qarzlarni jalb qilish tartibi belgilandi

27.10.2025 | 15:452872

Yirik korxonalar tomonidan bank krediti va tashqi qarzlarni jalb qilish tartibini belgilash bo‘yicha Hukumat qarori tasdiqlandi.

Hukumat qarori bilan bank krediti va tashqi qarzlarni jalb qilish tartibi belgilandi

Vazirlar Mahkamasining 24.10.2025 yil 670-sonli qarori bilan «O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun tizimli ahamiyatga ega yirik korxonalar tomonidan bank krediti va tashqi qarzlarni jalb qilish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram kanalida ma’lum qilindi.

Mazkur nizom O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun tizimli ahamiyatga ega yirik korxonalar, shuningdek, ularga tegishli bo‘lgan korxonalar hamda ularga o‘zaro aloqador korxonalar guruhi tomonidan bank krediti va tashqi qarzlarni jalb qilishni nazorat, monitoring qilish tartibini belgilaydi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, yirik qarzdorlarning moliyaviy holati bo‘yicha xatarlar darajasi «past xatarli», «o‘rta xatarli» va «yuqori xatarli» deb toifalanadi. Ya’ni, yirik qarzdorlarning toifasi:

  • «past xatarli» bo‘lganda, jalb etilayotgan yangi moliyaviy qarz miqdoridan qat’i nazar;

  • «o‘rta xatarli» bo‘lganda, jalb qilinayotgan yangi moliyaviy qarz miqdori mavjud moliyaviy qarzlari qoldig‘ining 5 foizidan yoki 20 million AQSH dollari ekvivalentidan kam bo‘lgan hollarda;

«yuqori xatarli» bo‘lganda, jalb qilinayotgan yangi moliyaviy qarz miqdori mavjud moliyaviy qarzlar qoldig‘ining 1 foizidan yoki 5 million AQSH dollari ekvivalentidan kam bo‘lgan hollarda Muvofiqlashtiruvchi komissiyani xabardor qilgan holda moliyaviy qarzlar jalb etiladi.

Shuningdek, yirik qarzdorlar moliyaviy holati yomonlashganda, Muvofiqlashtiruvchi komissiya tomonidan ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha quyidagi moliyaviy usullardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar beriladi, jumladan:

  • mavjud qarzlarni to‘lash uchun yangi, qulayroq shartlarda qarzlar (tashqi va ichki qarz, kredit) olish;

  • qarzdorlikni qayta ko‘rib chiqish (muddatini uzaytirish, to‘lov jadvalini o‘zgartirish, foiz stavkasini pasaytirish, valyuta turini o‘zgartirishi).

Nizomda belgilanishicha, yirik qarzdorlar Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning moliyaviy qarzni jalb qilishni rad etish to‘g‘risidagi qaroridan norozi bo‘lganda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid

Hukumat qarori bilan bank krediti va tashqi qarzlarni jalb qilish tartibi belgilandi | Vaqt.uz