
«Humans’ning yopiq sud talabi shaffoflikka zid» — bloger Zafar Solijonov
13.06.2025 | 21:1537885
Octobank va Humans o‘rtasidagi sudda xolis kuzatuvchi sifatida ishtirok etayotgan bloger Zafarbek Solijonov Humans kompaniyasining sudni yopiq o‘tkazish talabi shaffoflik tamoyillariga zid ekanini ta’kidladi. Octobank esa ochiqlik tarafdoriligi va jurnalistlar ishtirokiga roziligini bildirgan.

Avvalroq, Octobank Humans’dan 500 milliard so‘mdan ortiq qarz va yetkazilgan zararni undirish bo‘yicha Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida da’vo arizasi kiritgani haqida xabar bergan edik. Sud jarayoni hozircha yakuniga yetmagan bo‘lsa-da, ikki tomonning ochiqlik va shaffoflikka munosabati jamoatchilik e’tiborini torta boshladi.
Aynan shu sud jarayonida xolis kuzatuvchi sifatida qatnashgan taniqli bloger Zafarbek Solijonov o‘zining Telegram-kanalida yozishicha, Octobank sud muhokamasining ochiq bo‘lishi va bloger ishtirokidan qo‘rqmasligini bildirgan. Biroq Humans vakillari sudni yopiq o‘tkazishni so‘ragan. Solijonov bu harakatni shaffoflik tamoyiliga zid deb baholadi.
«Hozir Humans va Octobank o‘rtasida sud jarayoni ketyapti. O‘tgan safar iqtisodiy sudda xolis kuzatuvchi sifatida qatnashgandim. Kuzatuvchi sifatida o‘tirib, indamay chiqib ketgandim. Raislik qiluvchi Bayzakovaning ruxsatini olmaganim uchun avvalgi sud majlisi haqida batafsil ma’lumot ham yozmagandim. Bunga hojat ham yo‘q edi. Bunaqa vaqtda eng yaxshi ish — sudning qarorini kutish.
Bugun ham shunaqa qilayotgandim. Ishda ishtirok etuvchilar bloger ekanimni bildi. Ularga jarayon haqida to‘liq post yozmasligim, bank siriga doir ma’lumotlar bo‘lsa, ular haqida umuman ma’lumot tarqatmasligimni, buning uchun javobgarlik borligini bilishimni aytdim.
Qizig‘i, Octobank bunga rozi bo‘ldi, shartnoma bo‘yicha haq ekani, yashiradigan hech narsasi yo‘qligini aytdi. Biroq men shu vaqtgacha hukumatga investor huquqlarini ta’minlang, ish sud doirasida adolatli hal bo‘lsin deya yonini olayotganim — Humans kompaniyasi vakillari sudni yopiq ko‘rishni so‘radi. Qiziq», - deya yozib qoldirgan u.
Solijonovga ko‘ra, bu harakat kompaniyaning o‘ziga qarshi ishlab ketishi mumkin. Agar keyinchalik Humans «sud adolatsiz o‘tdi» deb da’vo qilsa, jamoatchilik bu iddaolarga ishonmasligi ehtimoli bor.
«Ertaga ʻsud adolatsiz bo‘ldi, voy-dodʼ, deydigan bo‘lsa, endi hech kim ishonmasa kerak. O‘zlariyam yetarli asos ham ko‘rsatib berolmasligi mumkin. O‘zingga ishonching bo‘lsa, ochiq sud majlisining nimasidan qo‘rqasan? Jurnalist-blogerlarniyam millionlagan mijozlaringning familiyasi, uning sirlarini bitta-bitta oshkor qilishga vaqtiyam, xohishiyam yo‘q. Sen jabr ko‘rmagin. degandik. Shubhalantirib qo‘yding. Shartnoma shartlari bo‘yicha haqmisan, nohaqmisan, shu masala qiziq edi bizga. Kuzatamiz», — degan fikr bildirgan bloger o‘z sahifasida.





