
Ichki ishlar organlarida dronlardan foydalanish yo‘lga qo‘yildi
01.09.2025 | 19:0031843
Jinoyatchilikka moyil hududlarda huquqbuzarliklarni oldini olish va aniqlash maqsadida dronlardan foydalanish boshlandi.

Ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar xavfi yuqori hududlarda bezorilik, ekologiya va giyohvandlikka oid qonunbuzarliklarni oldini olish hamda nazorat qilish maqsadida dronlardan foydalanmoqda. Ichki ishlar vazirligi Profilaktika xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari Rahimjon Naimov ma’lum qilishicha, birinchi bo‘lib Buxoro viloyatida dronlardan foydalanish boshlangan. Bu tashabbus Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2024 yildagi hududga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriq asosida amalga oshirilgan.
Hozirda 5 ta viloyatdagi 84 bo‘linma dronlar bilan ta’minlangan. Naimov aytishicha, 2026 yil oxiriga qadar mamlakatdagi barcha tuman va shahar ichki ishlar bo‘linmalari dronlar bilan to‘liq jihozlanishi rejalashtirilgan.
Naimovga ko‘ra, dronlar asosan mayda bezorilik, ekologik qonunbuzarliklar, giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq holatlarni hamda xavfli hududlardagi huquqbuzarliklarni nazorat qilish uchun qo‘llanilmoqda. «Dron orqali osmondan kuzatuv olib boriladi, inspektorlar esa aniqlangan holatlarni bartaraf etadi. Bu usul huquqbuzarliklarni oldini olishda samaradorlikni keskin oshirdi», — dedi u.
Shu bilan birga, dronlarni boshqarish bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgacha Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida inspektorlar tayyorlangan va ular sertifikat olgandan keyingina dronni boshqarish huquqiga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2015 yildan beri shaxsiy tartibda dron olib kirish va foydalanish taqiqlangan.





