
Ichki ishlar talabiga bo‘ysunmaganlik uchun jarima 5 barobargacha oshiriladi
30.05.2025 | 15:2022592
O‘zbekistonda ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik holatlari ortishi ortidan ular uchun ma’muriy jarimalar miqdori oshirilishi mumkin.

Senat yalpi majlisida so‘nggi yillarda IIO va Milliy gvardiya xodimlariga bo‘ysunmaslik holatlari yildan-yilga oshib borayotgani qayd etildi. 2021 yilda shunday 56 ming holat kuzatilgan bo‘lsa, 2022 yilda 88 ming, 2023 yilda 89 ming va 2024 yilda 85,3 ming holat qayd etilgan.
Shu munosabat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritilishi ko‘zda tutilmoqda. Unga ko‘ra, ichki ishlar yoki Milliy gvardiya xodimining qonuniy talabini bajarmagan shaxs 5 dan 12 BHMgacha (1,875 mln so‘mdan 4,5 mln so‘mgacha) jarimaga tortiladi. Hozirgi amaldagi tartibda esa bu 1 BHMni tashkil qiladi.
Agar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida yana shu kabi huquqbuzarlik sodir etilsa, 12 dan 30 BHMgacha (4,5 mln so‘mdan 11,25 mln so‘mgacha) jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi belgilanadi. Bu ham mavjud 15 BHMlik me’yordan keskin oshgan hisoblanadi.
Qonundagi o‘zgartishlar senatorlar tomonidan ma’qullangan va prezident imzosiga yuborilgan.





