add

Ichki valyuta bozorida talab 42,7 milliard dollarga yetdi

23.10.2025 | 11:301962

2025 yil yanvar–sentyabr oylarida xorijiy valyutaga talab 42,7 milliard dollarga, taklif esa 34,4 milliard dollarga yetdi. Milliy valyuta so‘m 6,4 foizga mustahkamlanib, ichki bozorda barqarorlik saqlanmoqda.

Ichki valyuta bozorida talab 42,7 milliard dollarga yetdi

O‘zbekiston ichki valyuta bozori 2025 yilning to‘qqiz oyida faol o‘sishni namoyon etdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, xorijiy valyutaga bo‘lgan umumiy talab 42,7 milliard dollarga yetgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23,5 foizga oshgan. Valyuta taklifi esa Markaziy bank operatsiyalarini hisobga olmaganda 34,4 milliard dollarni tashkil etib, 24 foizga o‘sgan.

Bozordagi valyuta taklifi asosan eksport tushumlari, xorijiy kreditlar va pul o‘tkazmalari hisobiga ta’minlandi. Eksportdan kelgan valyutaning 55 foizi ichki bozorda sotilgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 22 foizga ko‘p. Shu bilan birga, banklar tomonidan xorijiy kreditlar hisobidan 6,3 milliard dollar sotilgan — 2024 yilga nisbatan 61 foizga ko‘p.

Jismoniy shaxslar ham ichki valyuta ayirboshlashda faol ishtirok etgan. Aholi 15,2 milliard dollar sotib, 8,5 milliard dollar xarid qilgan. Natijada jismoniy shaxslar operatsiyalarida 6,7 milliard dollarlik ijobiy saldo qayd etilgan. Bu asosan xorijdan kelayotgan pul o‘tkazmalari hajmining 24 foizga o‘sishi bilan izohlanadi.

Yanvar–sentyabr oylarida milliy valyuta so‘mning kurs dinamikasi ham ijobiy bo‘ldi. So‘m yil boshidan beri 6,4 foizga mustahkamlandi, uning kunlik tebaranuvchanligi ikki barobarga oshib, rivojlanayotgan davlatlar darajasiga yaqinlashdi. Asosiy savdo hamkorlar valyutalari — rubl, yuan va von — dollarga nisbatan mustahkamlanishiga qaramasdan, so‘mning real effektiv kursi 1,5 foizga qadrsizlanib, raqobatbardoshlikni saqlab qoldi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, so‘m mustahkamlanishi natijasida aholi va tadbirkorlar tomonidan milliy valyutadagi depozitlar 23 foizga oshib, 205 trillion so‘mga yetdi. Shuningdek, inflyatsiya kutilmalari 12 foizgacha pasaydi, kredit va depozitlardagi dollarlashuv darajasi sezilarli kamaydi.

Teglar

Mavzuga oid