
IIVda vazirning o‘zi mas’ul bo‘lgan kiberjinoyatchilik bo‘yicha alohida departament tashkil qilinadi
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda kiberjinoyatlar kundan-kunga ko‘payib, uning turlari 18 tadan 62 taga yetgan.
© Фото: president.uz Prezident 27-yanvar kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tkazayotgan videoselektor yig‘ilishida kiberjinoyatlar kundan-kunga ko‘payib, uning turlari 18 tadan 62 taga yetganini ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kiberjinoyatlar ichida, ayniqsa, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash, sun’iy intellekt orqali ovoz va yuz qiyofasini o‘xshatish, zararli fayllarni tarqatish avj olyapti. O‘zlashtirilgan mablag‘lar kriptovalyuta shaklida chetga chiqarilmoqda.
Prezident bunday holatlarni tezkor fosh etish va to‘xtatish uchun huquq-tartibot xodimlari kibertexnologiyalar va sun’iy intellektni mukammal egallashi lozimligini qayd etdi.
Shu bois, Ichki ishlar vazirligida kiberjinoyatchilik bo‘yicha alohida departament tashkil qilinib, unga vazirning o‘zi mas’ul bo‘lishi belgilandi. Adliya vazirligida ham kiberjinoyatchilik va raqamli huquq bo‘yicha alohida boshqarma ochiladi.





