add

Ilhom Aliyev O‘zbekiston va boshqa turkiy davlatlarni harbiy hamkorlikka chaqirdi

07.01.2026 | 21:382 daqiqa

Unga ko‘ra, dunyoda xalqaro huquq emas, faqat kuch ustuvorlik qilayotgan bir paytda, har bir davlat o‘z harbiy qudratini birinchi o‘ringa qo‘yishi shart.

Ilhom Aliyev O‘zbekiston va boshqa turkiy davlatlarni harbiy hamkorlikka chaqirdi

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Turkiy davlatlar tashkiloti a’zolarini harbiy sohada yaqinroq hamkorlik qilishga chaqirdi. U dunyoda «xalqaro huquq» degan tushuncha yo‘qligini, faqat kuch, hamkorlik va ittifoq borligini ta’kidladi.

Aliyev 5-yanvar kuni mahalliy telekanallarga bergan intervyusida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasida harbiy hamkorlikni rivojlantirish zarurligini bildirdi. U o‘tgan yil oktabrda Gabalada o‘tgan sammitda Ozarboyjonda turkiy davlatlarning qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini o‘tkazishni taklif qilganini eslatdi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Ozarboyjon va Turkiya o‘rtasida allaqachon mustahkam harbiy ittifoq mavjud — o‘tgan yilda ikki tomonlama va ko‘p tomonlama 25 dan ortiq qo‘shma mashg‘ulot o‘tkazilgan.

«Bizning oilamiz bo‘lgan turkiy davlatlar ham bu sohada hamkorlik qilishi yaxshi bo‘lardi», - dedi u.

Aliyev bu taklif yangi harbiy blok («turk NATOsi») yaratishni emas, balki mavjud hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutishini qat’iy ta’kidladi. Uning fikricha, bugungi global tahdidlar sharoitida har bir davlat o‘z harbiy qudratini birinchi o‘ringa qo‘yishi, shu bilan birga turkiy oila ichida birlashishi kerak. Bu hamkorlik energetika, transport va savdo sohalaridagi muvaffaqiyatlarni harbiy yo‘nalishga ham o‘tkazish imkonini beradi.

Ilhom Aliyev intervyuda dunyodagi hozirgi vaziyatni «xalqaro huquq yo‘q, faqat kuch bor» deb baholadi va har bir davlat o‘z xavfsizligini mustahkamlashi lozimligini aytdi.

«TDT a’zolari — Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va boshqalar — o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni kuchaytirish turkiy dunyoning birligini yanada mustahkamlaydi», - deya qo‘shimcha qildi u.

Teglar

Mavzuga oid