add

Ilon Mask «Amerika» partiyasini tuzishini e’lon qildi

07.07.2025 | 08:0035174

Ilon Mask o‘z siyosiy partiyasini tuzish haqida rasman e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Amerika» yangi partiyasi AQSHda demokratiyaning yo‘qolib borishi va davlatning bankrotlik xavfiga qarshi kurash maqsadida tuzilmoqda.

Ilon Mask «Amerika» partiyasini tuzishini e’lon qildi
Mask bu qarorni ijtimoiy tarmoqda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga tayanib qabul qilganini ta’kidladi. Uning aytishicha, 1,3 mln nafar ishtirokchi so‘rovda ovoz bergan bo‘lib, 65,4 foizi yangi partiya tuzilishini qo‘llab-quvvatlagan. «Biz bir partiyali tizimda emas, haqiqiy demokratiyada yashashni xohlaymiz. Shu bois partiyamiz sizning erkinligingizni qaytarish uchun tuzildi», — dedi Mask. Uning rejasiga ko‘ra, «Amerika» partiyasi 2026 yildagi oralik saylovlarda ishtirok etib, Senatda 2–3 o‘rin va Kongressda 8–10 o‘rinni egallashga intiladi. Mask buni «qonun loyihalarini to‘sib qo‘ya oladigan qudratli guruh» sifatida baholadi. Mask ushbu harakatni AQSH prezidenti Donald Tramp bilan ziddiyat ortidan boshladi. Trampning 5 trln dollarlik davlat qarzini oshirish va soliq imtiyozlarini kengaytirishni ko‘zda tutgan qonuni qabul qilinganidan so‘ng Mask uni ochiq tanqid qildi. U bu qonun mamlakat byudjetini 2,5 trln dollar defitsitga uchratadi, deb hisoblamoqda. Mask avval Trampning saylovoldi kampaniyasi uchun 250 mln dollardan ortiq mablag‘ sarflagan va hukumat samaradorligi departamentini boshqargan edi. Ammo Tramp elektromobillar uchun subsidiyalar va qayta tiklanuvchi energetikaga imtiyozlarni rad etganidan so‘ng ularning munosabatlari keskin yomonlashdi. Ijtimoiy tarmoqlardagi ochiq tortishuvlar davomida Tramp Maskning kompaniyalariga berilayotgan davlat kontraktlari va subsidiyalarni qayta ko‘rib chiqish bilan tahdid qildi. Mask esa o‘z navbatida Trampni yoshlar ekspluatatsiyasi bilan bog‘liq mojarolarda ayblashga urindi, ammo keyin kechirim so‘rab, ayrim postlaridan afsusdaligini bildirdi. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, shu ziddiyatlar tufayli Maskning boyligi 34 mlrd dollarga kamaygan.

Teglar

Mavzuga oid

Ilon Mask «Amerika» partiyasini tuzishini e’lon qildi | Vaqt.uz