
Ilon Mask Amerikada yangi partiya tuzganidan ko‘ra Marsga uchgani osonroq — OAV
08.07.2025 | 18:004445
Ilon Mask AQSHda «Amerika» nomli yangi siyosiy partiya tuzishini e’lon qildi. Ammo tahlilchilarga ko‘ra, bu g‘oya amalga oshishi ehtimoli Marsga odam uchirishdan ham qiyinroq. Hattoki Maskdek milliarder uchun ham.

2025 yil 5 iyul kuni Ilon Mask o‘zining yangi siyosiy harakati — «Amerika» partiyasi tuzilganini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu partiya demokratlar va respublikachilar hukmronligiga qarshi turishi kerak. Ammo The New York Times nashrining yozishicha, AQSHda noldan partiya qurish — bu siyosiy tuzilmalar, moliya va qonuniy tartiblar jihatidan eng murakkab jarayonlardan biri.
Ayni paytda partiya hech qanday rasmiy maqomga ega emas. Mask hali partiyani Federal saylov komissiyasida (FEC) ro‘yxatdan o‘tkazmagan, uning dasturi yoki aniq jamoasi ham yo‘q. Hozircha bor-yo‘g‘i bir necha ijtimoiy tarmoqdagi bayonotlar va «erkinlikni qaytarish»ga doir noaniq va’dalar bor, xolos.
Maskka yaqin manbalarga ko‘ra, g‘oya hozircha muhokama darajasida. Huquqiy va tashkiliy yo‘nalishlar bo‘yicha maslahatchilar ish olib borishmoqda, ammo Maskning o‘zi partiya faoliyatini rasman boshlamagan. Bu vaqtda FEC ma’lumotlar bazasida «America Party» va «X Party» kabi shubhali tashkilotlar paydo bo‘ldi. Mask ularni qalbaki deb atadi va ularga hech qanday aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi.
Partiyani tuzish urinishi Mask bilan Donald Tramp o‘rtasidagi ziddiyatni yanada kuchaytirdi. Mask Trampning soliq siyosatiga «jinnilik» deb baho berdi, Tramp esa bu tashabbusni masxaralab, uni «xaos keltiruvchi» deb atadi.
NYT nashrining ta’kidlashicha, AQSHda partiya qurish uchun shunchaki shiorlar yetarli emas. Har bir shtatda alohida saylovoldi ro‘yxatlaridan o‘tish, mablag‘ yig‘ish, rasmiy hisobvaraqlar ochish va infratuzilma yaratish talab qilinadi. Bu talablar ko‘plab harakatlar va siyosiy guruhlar uchun to‘siq bo‘lgan.
Maskning boyligi va texnologiyadagi yutuqlari uning siyosiy maydonda ham muvaffaqiyat qozonishiga kafolat bermaydi. Siyosatda bir hujumda Oq uyga yetib olishning «raketa yo‘li» yo‘q. Ammo agar u o‘z vaqtida kuchli reklama kampaniyasi olib borsa, Trampdan charchagan konservativ saylovchilarning ovozini olishi mumkin. Bu esa uning partiyasiga 2026 yilgi Kongress saylovlarida imkoniyat yaratishi mumkin.





