
Ilon Mask BMTni moliyalashtirishni to‘xtatishni taklif qildi
04.06.2025 | 13:0025083
AQSH tadbirkori Ilon Mask BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning raqamli platformalar haqidagi bayonotidan so‘ng BMTni moliyalashtirishni to‘xtatishga chaqirdi. U bu fikrni X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida bildirgan.

Mask o‘z munosabatini foydalanuvchi joylashtirgan videoga izoh sifatida yozgan. Ushbu videoda Guterrish raqamli platformalar ko‘pincha odamlarni chalg‘itish va bir-biriga nisbatan dushmanlik uyg‘otish uchun ishlatilayotganini ta’kidlagan hamda xalqaro tashkilotlarni bu holatga munosabat bildirishga chaqirgan. Mask esa bu izohga javoban: “BMTni moliyalashtirishdan mahrum qiling”, — deb yozgan.
Mask yaqinda AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyatidagi hukumat samaradorligini oshirish bo‘yicha idora — DOGE faoliyatini nazorat qilgan.
2025 yil may oyi boshida Tramp ma’muriyati 2026-moliyaviy yil (1 oktyabrdan boshlanadi) uchun mo‘ljallangan federal byudjet loyihasini taqdim etdi. Unda AQSH tomonidan BMT, YUNESKO va JSST kabi tashkilotlarga to‘lanadigan badallarni vaqtincha to‘xtatib turish taklifi ilgari surilgan.
Byudjet loyihasiga ko‘ra, prezident istalgan paytda ushbu tashkilotlarga mablag‘ ajratish haqida qaror qabul qilishi mumkin. Bu maqsadlar uchun 2,9 milliard dollar miqdorida maxsus “strategik investitsiyalar jamg‘armasi” tashkil etish nazarda tutilgan.
Shuningdek, “zarar ko‘rayotgan tinchlikparvar missiyalar”, jumladan BMT doirasidagi dasturlarni moliyalashtirishdan voz kechish orqali 1,6 milliard dollar tejash taklif etilgan.





