
Ilon Mask dunyodagi ilk trillioner bo‘lishi mumkin
02.10.2025 | 11:0038763
Amerikalik milliarder Ilon Mask 500 milliard dollardan ortiq boylikka ega tarixdagi ilk inson sifatida qayd etildi.

Forbes Real-Time Billionaires ma’lumotlariga ko‘ra, Maskning umumiy aktivlari avval yarim trillion dollardan oshgan, keyinroq esa 499,1 milliard dollargacha pasaygan. Shunga qaramay, u hozirda dunyoning eng boy kishisi hisoblanadi va kelgusida birinchi trillioner bo‘lish ehtimoli katta.
Maskning moliyaviy o‘sishida Tesla aksiyalarining qimmatlashi asosiy omil bo‘ldi. 1 sentyabrda kompaniya qimmatli qog‘ozlari 4 foizga o‘sib, tadbirkorga qo‘shimcha 9,3 milliard dollar daromad olib keldi. Apreldan buyon Tesla aksiyalari ikki barobarga yaqin oshgan va kompaniyaning bozor qiymati rekord darajaga yaqinlashgan. Maskning Tesla’dagi 12 foizlik ulushi 191 milliard dollarga baholanmoqda.
Bundan tashqari, SpaceX ham katta hissa qo‘shdi. Kompaniya hozirda 400 milliard dollarga baholangan bo‘lib, bu o‘tgan yil dekabriga nisbatan 50 milliard dollarga ko‘p. Maskning undagi 42 foizlik ulushi esa 168 milliard dollarlik boylikni ta’minlab turibdi.
Yana bir muhim aktiv — xAI Holdings. Unga X ijtimoiy tarmog‘i va Grok sun’iy intellekt platformasi kiradi. Kompaniyaning umumiy bahosi 113 milliard dollarni tashkil etadi, Maskning undagi 53 foizlik ulushi esa qariyb 60 milliard dollarga teng.
Avvalroq Ilon Mask ijtimoiy tarmoqdagi chiqishida «Mening yagona pasportim — AQSHniki. Men shu yerda yoki Marsda (sayyoraning Amerikaga tegishli qismida) yashayman va o‘laman», deya bayonot bergan edi.





