add

Ilon Mask muxolifatga o‘tdimi: milliarder respublikachilarga qarshi kampaniya boshlamoqchi

07.06.2025 | 12:0048694

Ilon Mask agar Trampning soliq va xarajatlar to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilinsa, Respublikachilar partiyasiga qarshi siyosiy kurash boshlashini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u kerak bo‘lsa demokratlar kampaniyasiga ham mablag‘ ajratishi mumkin.

Ilon Mask muxolifatga o‘tdimi: milliarder respublikachilarga qarshi kampaniya boshlamoqchi
NBC telekanali xabar berishicha, Ilon Mask respublikachilar partiyasi yetakchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Trampning «katta va chiroyli» soliq qonun loyihasini «jirkanch» deb atagan. Milliarder agar bu loyiha qabul qilinsa, u respublikachilarni siyosiy sahnadan chetlatish uchun «millionlab dollar» sarflashini aytgan. Maskning maslahatchilaridan biri uning siyosiy yondashuvi o‘zgarganini va endi Tramp kampaniyasini moliyalashtirishga ehtiyoj sezmayotganini ma’lum qildi. Eslatib o‘tamiz, Mask 2024 yilda Trampning saylovoldi kampaniyasiga 275 mln dollar ajratgan edi. Mazkur ziddiyat respublikachilarni murakkab vaziyatga solmoqda. Ular Mask kabi yirik donorni yo‘qotishdan qo‘rqishadi, shu bilan birga Tramp ishonchini yo‘qotish ham siyosiy faoliyatlariga tahdid soladi. Ayrimlar, xususan, kongressmen Don Beykon bu mojaroga aralashmaslikni ma’qul ko‘rmoqda. Boshqalar esa Trampni Maskka qarshi hujumga chaqirmoqda. Oq uyning sobiq maslahatchisi Stiv Bennon Maskning faoliyatini tekshirish, jumladan uning fuqaroligi va Xitoy bilan aloqalari bo‘yicha tergov o‘tkazishni talab qilmoqda. Shu bilan birga, Mask ham Trampni jiddiy ayblovlar bilan tahdid qilmoqda — u prezidentni pedofil Jeffri Epshteyn bilan bog‘liq jinoyat ishiga aloqadorlikda gumon qilmoqda. Maskning hujumlariga javoban Tramp Tesla va boshqa kompaniyalarga berilayotgan barcha federal subsidiyalarni to‘xtatishini aytdi. Bu xabar ortidan Tesla aksiyalari 14 foizga pasaydi. Ayrim demokratlar ushbu ziddiyatdan mamnun — ularning fikricha, bu mojaro soliq qonun loyihasining qabul qilinishiga to‘sqinlik qilishi va Trampning nufuziga zarba berishi mumkin. Biroq Trampning yaqin atrofidagilar buni vaqtincha tushunmovchilik, deb hisoblashmoqda. «Oradan bir oy o‘tadi, ular yana Oval kabinetda suhbatlashib o‘tiradi», — dedi Trampning yaqin safdoshlaridan biri NBC’ga. Hozir esa asosiy savol shu: Mask chindan ham demokratlar safiga o‘tadimi yoki bu jamoatchilik e’tiborini jalb qilish uchun o‘ylangan navbatdagi piar-kampaniyami?

Teglar

Mavzuga oid