add

Ilon Mask OpenAI’ga imtiyoz berganlikda ayblab, Apple’ni sudga bermoqchi

12.08.2025 | 23:0023354

xAI asoschisi Ilon Mask Apple’ni OpenAI’ni qo‘llab-quvvatlash va Grok’ning App Store’da yuqori o‘ringa chiqishiga to‘sqinlik qilayotganlikda aybladi.

Ilon Mask OpenAI’ga imtiyoz berganlikda ayblab, Apple’ni sudga bermoqchi
AP xabariga ko‘ra, dushanba kechasi bir nechta X-postlarida Mask Apple’ni sun’iy intellekt sohasida OpenAI’dan boshqa hech bir kompaniyaning App Store’da 1-o‘ringa chiqishiga yo‘l qo‘ymaslikda aybladi. «Bu mutlaqo antimonopoliya qonunlarini buzishdir. xAI shoshilinch huquqiy chora ko‘radi», — deb yozdi u. Mask shu kuni avvalroq App Store’da X’ning yuqori o‘ringa chiqmagani haqida ham norozilik bildirdi. Uning ta’kidlashicha, X — «dunyodagi 1-raqamli yangiliklar ilovasi» va yuqori o‘ringa chiqishi lozim. «Siyosat-siyosat o‘ynayapsizmi? Nima bo‘lyapti?» — deb so‘radi Mask. Hozirgi reytingga ko‘ra, OpenAI’ning ChatGPT ilovasi App Store’da birinchi o‘rinda, Maskning Grok ilovasi esa beshinchi o‘rinda turibdi. «Apple tarozining bir tarafini barmog‘i bilan bosmadi, balki butun tanasini tashladi!» — deb yozdi Ilon Mask. OpenAI bosh direktori Sem Altman Maskning ayblovlariga shunday javob qaytardi: «Ilon o‘zining X platformasini o‘z manfaatlari uchun manipulyatsiya qilib, raqobatchilarini va yoqtirmaydigan odamlarni zararga uchratishda ayblanayotgani haqida eshitganimda, bu da’vo ajablanarli tuyuladi». Altman ChatGPT ishlab chiqaruvchisi «yaxshi mahsulotlar yaratishga e’tibor qaratgan holda» ishini davom ettirishini ta’kidladi. Apple hozircha vaziyat yuzasidan izoh bermadi. Biroq kompaniya so‘nggi yillarda turli antimonopoliya ayblovlariga duch kelgan. Joriy yil aprelida YeIning 27 mamlakatidan iborat regulyatorlar Apple’ni raqobat qoidalarini buzganlikda ayblab, 500 mln yevro jarima solgan. Shuningdek, AQSHda Fortnite yaratuvchisi Epic Games tomonidan berilgan antimonopoliya da’vosida sud Apple’ni sud qarori talablarini buzgan, deb topgan edi. Eslatib o‘tamiz, Grok — Ilon Maskning sun’iy intellekt startapi xAI’ga tegishli chatbot ilovasi. Avvalroq Ilon Mask bolalar uchun maxsus Baby Grok ilovasini yaratishni boshlagani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid