
Ilon Mask siyosatga xarajatlarni tejamoqchi
21.05.2025 | 11:0028502
Ilon Mask 2024 yilda AQSH prezidenti Donald Trampning saylov kampaniyasiga 250 mln dollardan ortiq mablag‘ sarflagan edi. Biroq, u Qatarda bo‘lib o‘tgan iqtisodiy anjumanda kelgusida siyosiy xarajatlarini «ancha kamaytirish» niyatida ekanini ma’lum qildi. Mask, shuningdek, Tesla kompaniyasini yana kamida besh yil davomida boshqarishga sodiqligini bildirdi.

Maskning siyosiy sahnaga kirishi uning kompaniyalari, jumladan, Starlink va ijtimoiy tarmoq X bilan bog‘liq manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi. Uning Tramp ma’muriyatidagi ta’siri, ayniqsa, Doge deb nomlangan federal xarajatlarni qisqartirish dasturi keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Bu dastur doirasida minglab federal xodimlar ishdan bo‘shatildi va Maskning jamoasi hukumat ma’lumotlariga kirish imkoniga ega bo‘ldi.
Tesla'ning sotuvlari pasayishi va aksiyadorlarning xavotiri Maskning kompaniyaga yetarlicha e’tibor qaratmayotgani haqidagi savollarni keltirib chiqardi. Uning siyosiy ta’siri ham cheklanganligini ko‘rsatdi: Mask qo‘llab-quvvatlagan Viskonsin Oliy sudi nomzodi 20 mln dollardan ortiq mablag‘ sarflanganiga qaramay, saylovda mag‘lub bo‘ldi.
Mask Doge dasturini himoya qilib, uning federal xarajatlar ustidan cheklangan ta’siri borligini ta’kidladi. U «Biz faqat maslahatchi rolini bajaramiz», deydi.





