
Ilon Mask «SpaceX»ni «Tesla» yoki «xAI» bilan birlashtirmoqchi
Ilon Maskka tegishli kompaniyalar o‘rtasida ehtimoliy qo‘shilish rejalari muhokama qilinayotgani ma’lum bo‘ldi.

Ilon Maskga tegishli «SpaceX» kompaniyasi elektromobillar ishlab chiqaruvchi «Tesla» yoki sun’iy intellekt sohasidagi «xAI» bilan qo‘shilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda «Bloomberg» nashri xabar berdi Hozircha qo‘shilish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan bo‘lib, kompaniyalar mustaqil faoliyatni saqlab qolishi ehtimoli ham mavjud.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ehtimoliy bitim infratuzilma fondlari hamda Yaqin Sharqdagi suveren investorlar tomonidan katta qiziqish uyg‘otishi mumkin. Shu bilan birga, bunday qo‘shilish katta hajmdagi moliyalashtirishni talab etadi. 21-yanvar kuni Nevada shtatidan «qo‘shilish bo‘yicha sho‘ba korxona» iborasi mavjud bo‘lgan ikki yuridik shaxs ro‘yxatdan o‘tkazilgani ham ushbu ssenariylar muhokama qilinayotganini ko‘rsatadi.
Rejalar
Ro‘yxatdan o‘tkazilgan yuridik shaxslar rahbariyati orasida «SpaceX» moliya direktori Bret Jonson ham bor. Biroq manbalar ta’kidlashicha, muzokaralar yakuniy bosqichga yetmagan va shartlar o‘zgarishi mumkin. Shu sababli kompaniyalar alohida rivojlanish yo‘lini tanlashi ham istisno etilmaydi.
Ilon Maskning «SpaceX» bo‘yicha uzoq muddatli rejalari orasida sun’iy intellekt yordamida murakkab hisob-kitoblarni amalga oshiradigan, orbitada joylashgan ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini yaratish g‘oyasi bor. Bu nuqtai nazardan, «xAI» startapi bunday infratuzilma orqali ulkan hisoblash quvvatlaridan foydalanishi mumkin.
Energiya va kosmik logistika
«Tesla»ning energiya saqlash tizimlari esa «SpaceX»ning orbitadagi markazlarini quyosh energiyasi hisobiga uzluksiz ishlashini ta’minlashda muhim rol o‘ynashi mumkin. Shu bilan birga, Mask «SpaceX»ning «Starship» raketalari orqali «Tesla Optimus» robotlarini Oy va Marsga yetkazish imkoniyatlarini ham muhokama qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Tesla» kompaniyasi o‘zining flagman elektromobillari hisoblangan «Model S» va «Model X» modellarini ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich to‘xtatishga qaror qilgani haqida xabar bergandik.





