add

IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish narxlari nega keskin oshdi?

08.07.2025 | 16:3049986

Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi «Potrebitel.uz» guruhi foydalanuvchilari Toshkentdagi «Malika» bozorida telefon IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish narxi ancha oshganidan shikoyat qilmoqda.

IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish narxlari nega keskin oshdi?
Iste’molchilar guruhi yetakchisining yozishicha, Avvallari bu xizmat 30–40 dollar atrofida bo‘lgan bo‘lsa, hozir narxlar 100 dollardan 400 dollargacha yetgan.   Kimlar murojaat qilmoqda? Asosan quyidagi holatlardagi odamlar ro‘yxatdan o‘tkazish xizmatiga murojaat qilmoqda:
  • O‘zbekistonga kirishda telefonini bojxonada deklaratsiya qilishni unutganlar;
  • Telefonining eSIM funksiyasini birinchi marta ishga tushirganlar.
Foydalanuvchilarning aytishicha, tizim bu telefonlarni ko‘pincha yangi qurilma deb tanib, qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni talab qilmoqda.   Narxlar nega oshdi? Politik Markaziy Osiyo nashri bu narx oshishining sababini o‘rgandi. Ismi oshkor etilmagan sotuvchining aytishicha, bu holat bojxona bilan bog‘liq. Endilikda faqat rasmiy ravishda – ya’ni bojxonadan o‘tkazilgan (deklaratsiya qilingan) telefonlar IMEI ro‘yxatiga kiritilishi mumkin. «Ilgari IMEIni tanish-bilish orqali ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin edi. Hozir esa faqat deklaratsiya asosida, rasmiy yo‘l bilan ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Narxning taxminan 30 foizi bojxona talabi bilan bog‘liq», — deya tushuntiradi manba. Sotuvchilarning aytishicha, ba’zi telefon egalari qurilmaning ikkinchi IMEI raqamini faollashtirishga urinadi, lekin u tez orada bloklanadi. Do‘kon sotuvchilari narxni telefon modeliga qarab belgilaydi, lekin narxlarning oshishini o‘zlari boshqarmaydi. «Narxlar oshishiga asosiy sabab — pasport asosida ro‘yxatdan o‘tish endi ishlamayapti, mavjud telefonga deklaratsiya olish esa juda qiyin. Shuning uchun narxlar ham yuqorilab ketgan», — deydi ismi sir qolgan sotuvchi.   Murakkab bojxona deklaratsiyasi «Potrebitel.uz» guruhining yana bir a’zosi hozirda chet eldan olib kirilgan telefonni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun albatta bojxona deklaratsiyasi talab qilinishini aytadi. «Ammo muammo aynan shu yerdan boshlanadi. Aeroportda deklaratsiya qilish kerakligi haqida hech qanday e’lon yo‘q. Aksariyat yo‘lovchilar bu haqida umuman bilmaydi. Pul to‘lab deklaratsiyani rasmiylashtirmoqchi bo‘lsak, bu jarayon Bojxona qo‘mitasi orqali juda uzoq, chalkash va qimmatga tushishi ma’lum bo‘ldi. Eng hayratlanarlisi — barcha hujjatlar tayyor bo‘lgach, telefonni UzIMEI bazasida ro‘yxatdan o‘tkazish atigi bir necha daqiqa vaqt oldi», — deya ta’kidladi u. Foydalanuvchining fikricha, ayniqsa, xorijdan qaytayotgan fuqarolar uchun jarayonni soddalashtirish kerak. IMEI — bu har qanday mobil qurilmaga beriladigan noyob kod. Unda qurilmalarning kelib chiqishi, modeli va seriya raqami haqidagi ma’lumotlar mavjud. Eslatib o‘tamiz, 2023 yildan boshlab O‘zbekistonga olib kiriladigan yangi telefonlar majburiy deklaratsiya qilinishi kerak. Jismoniy shaxslar 2024 yil yanvar oyidan boshlab aeroportlar orqali umumiy qiymati dollar bo‘lgan ikkitadan telefon olib kirishlari mumkin. Agar qurilmalarning narxi belgilangan miqdordan oshib ketsa, u holda limitdan ortiqcha summaga 30 foiz miqdorida boj undiriladi. Mehrinoza Farmonova tayyorladi.

Mavzuga oid

IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish narxlari nega keskin oshdi? | Vaqt.uz