add

Imomali Rahmon chegarani qattiq qo‘riqlashni buyurdi

02.12.2025 | 09:387272 daqiqa

Tojikiston prezidenti Afg‘oniston tomonidan mamlakat hududiga qurolli hujum sodir etilganidan so‘ng shoshilinch choralar ko‘rishni buyurgan.

Imomali Rahmon chegarani qattiq qo‘riqlashni buyurdi

Tojikiston respublikasi prezidenti Imomali Rahmon mamlakatning Afg‘oniston bilan davlat chegarasidagi joriy vaziyat va uni qo‘riqlashni kuchaytirish yo‘llarini mamlakat kuch tuzilmalari rahbarlari bilan muhokama qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Tojikiston rahbari Afg‘oniston tomonidan sodir etilayotgan hodisalarni qoralagan va hukumat amaldorlariga muammoni hal qilish va bunday hodisalarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun shoshilinch choralar ko‘rishni buyurgan.

Qayd etilishicha,1-dekabrga o‘tar kechasi Tog‘li Badaxshonning Darvoz tumanida — Afg‘oniston chegarasi yaqinida qurollangan shaxslar yo‘l qurilish kompaniyasining xitoylik ishchilariga hujum qilgan va ikki kishi halok bo‘lgan. Bu Tojikiston hududiga bir hafta ichida ikkinchi va noyabr oyidan beri uchinchi hujumdir.

Afg‘on ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, hujumga Afg‘onistonning Moymay tumaniga ko‘chirilgan Tolibon chegara xizmati bo‘linmalari aloqador bo‘lishi mumkin. Hujum sabablari noma’lum, halok bo‘lganlarning shaxsi oshkor qilinmayapti.

Tojikiston hukumatiga ko‘ra, so‘nggi hafta davomida Tojikiston hududi ikki marta o‘qqa tutilgan: besh kishi halok bo‘lgan, besh kishi yaralangan.

17-noyabr kuni qurollangan noma’lum shaxslar Afg‘onistondan chegarani kesib o‘tib, «Shohin SM» kompaniyasi xodimlariga hujum qildi: bir nafar Xitoy fuqarosi halok bo‘ldi, yana besh kishi — to‘rt xitoylik va bir tojikistonlik — yaralandi.

26-noyabr kuni navbatdagi hujum paytida xuddi shu kompaniyaning uch nafar xitoylik xodimi halok bo‘ldi. Hujumchilar o‘qotar qurol va granatali drondan foydalangan.

26-noyabrdagi hujumdan so‘ng Xitoyning Dushanbedagi elchixonasi Xitoy fuqarolarini chegara hududlarini tark etishga chaqirdi va tergov o‘tkazishni talab qildi.

Afg‘oniston hukumati Xitoy fuqarolarining o‘ldirilishini qoralab, bunga mintaqada tartibsizlik keltirib chiqarish hamda ishonchsizlik kayfiyatini kuchaytirishga intilayotgan guruhlar javobgar ekanini aytdi.

Teglar

Mavzuga oid