add

Imtiyozli kreditlar bozor stavkalariga ta’sir qilyaptimi?

30.01.2026 | 10:352 daqiqa

Markaziy bank raisi imtiyozli kreditlarni bozorga keskin aralashuv deb baholash noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, bu mexanizm tijoriy kredit stavkalariga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatsa-da, bu ta’sir kuchli emas.

Imtiyozli kreditlar bozor stavkalariga ta’sir qilyaptimi?

Markaziy bank raisi Temur Ishmetov asosiy stavka bo‘yicha matbuot anjumanida imtiyozli kreditlar bozor mexanizmlariga qay darajada ta’sir ko‘rsatayotganini izohladi.

Uning ta’kidlashicha, iqtisodiyotda qabul qilinadigan har qanday qaror muayyan darajada ijobiy va salbiy ta’sirga ega bo‘ladi.

«Imtiyozli kredit deganingiz, albatta, ta’sir qiladi. Iqtisodiyotda har qanday qaror, har qanday operatsiya qisman ijobiy, qisman ma’lum bir sohalarga salbiy ham ta’sir ko‘rsatadi», — dedi Markaziy bank raisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi sharoitda inflatsiya va inflyatsion kutilmalarni pasaytirmaguncha asosiy foiz stavkasini yuqori darajada ushlab turishga to‘g‘ri keladi. Biroq bu biznes, ayniqsa kichik biznes uchun moliyalashtirish masalasini murakkablashtiradi.

«Biz inflatsiyani tushirmaguncha, foiz stavkasini tabiiyki baland ushlab turishga majburmiz. Lekin biznesga, ayniqsa kichik biznesga rivojlanishi uchun arzonroq kredit kerak», — deya izohladi Temur Ishmetov.

Shu sababli hukumat imtiyozli kreditlar orqali muayyan muvozanatni saqlashga harakat qilmoqda. Davlat banklarga arzon resurslarni joylashtirish yoki tijoriy kreditlar bo‘yicha foizlarni subsidiya qilish orqali bozordagi talabni qoplamoqda.

Markaziy bank rahbari ta’kidlashicha, imtiyozli kreditlarni bozorga keskin aralashuv sifatida baholash to‘g‘ri emas. Uning fikricha, bu mexanizmning tijoriy kredit stavkalariga ta’siri bor, ammo u keng jamoatchilik tasavvur qilganidek kuchli emas.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank O‘zbekistondagi kredit stavkalari o‘tgan yilga nisbatan pasaygani va bu jarayon davom etishini kutmoqdaganini ma’lum qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid