
Imtiyozli yo‘llanma orqali kimlar bepul davolanishi mumkin?
14.08.2025 | 10:1531003
O‘zbekistonda ayrim toifadagi fuqarolar davlat byudjeti hisobiga imtiyozli yo‘llanma orqali davolanish imkoniyatiga ega. Bu tizim insonparvarlik tamoyillariga asoslanib, ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Tegishli huquqiy hujjatga ko‘ra:
— bolalikdan nogironligi bo‘lganlar,
— yetimlar,
— I va II guruh nogironlari,
— yoshga oid pensiyaga chiqqan ishlamaydigan shaxslar,
— 1941–1945 yillardagi urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilganlar,
— baynalmilalchi jangchilar,
— kam ta’minlangan oilalar a’zolari,
— kambag‘allik reyestridagi fuqarolar
— oylik daromadi minimal iste’mol xarajati miqdorining ikki baravaridan oshmaydigan shaxslar ushbu ro‘yxatga kiradi.
Yo‘llanma olish uchun fuqaro yashash joyidagi oilaviy shifokor punkti yoki poliklinikaga murojaat qiladi. Keyin u ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikaga yo‘naltiriladi. Agar bemorning kasalligi hududda davolanishi mumkin bo‘lsa, uni tuman tibbiyot birlashmasiga, zarurat bo‘lsa, viloyat yoki respublika tibbiyot muassasasiga jo‘natishadi. Ijtimoiy ahamiyatli kasalliklar bo‘yicha ro‘yxatda turganlar esa bevosita yuqori bosqich muassasalariga yuborilishi mumkin.
Imtiyozli yo‘llanma tibbiy tanlov komissiyasi xulosasi asosida beriladi. Bu jarayon raqamlashtirilgan bo‘lib, my.gov.uz portali orqali yo‘llanma holatini tekshirish mumkin. Portalda ariza turi, shaxsiy ma’lumotlar va yo‘llanma ma’lumotlarini kiritib, elektron hujjatni yuklab olish imkoniyati bor.
Hukumat mazkur tizimni yanada soddalashtirish va aholiga tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish ustida ish olib bormoqda.





