
Intellektual mulkni himoya qilishga oid yangi qonun ma’qullandi
25.06.2025 | 15:1529323
Senat yalpi majlisida intellektual mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish, ekspertiza muddatini qisqartirish va huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi yangi qonun qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Senatining navbatdagi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi va ma’qullandi.
Oxirgi yillarda mamlakatda aholi, ayniqsa tadbirkorlar orasida intellektual mulk sohasidagi huquqiy bilimlarni oshirish, mavjud jarayonlarni raqamlashtirish hamda ortiqcha talablarni bekor qilish bo‘yicha islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Yangi qonun ushbu jarayonlarni yanada soddalashtirishga qaratilgan.
Qonunga ko‘ra, intellektual mulk ob’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi yengillashtiriladi, ayrim ob’ektlarni ekspertiza qilish muddati qisqartiriladi va ortiqcha hujjatlar talab qilinmaydi. Shuningdek, patent bojlari to‘lashda qulayliklar yaratilishi va intellektual mulk huquqlarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, «Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalarining huquqiy himoyasi to‘g‘risida»gi qonundagi o‘zgarishlarga muvofiq, elektron dasturlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda talabnoma kelib tushganidan keyingi tekshiruv muddati 10 kun etib belgilandi.
Shu bilan birga, sanoat mulki ob’ektlarini ro‘yxatga olishda patentni elektron tizim orqali avtomatik tarzda berish tartibi joriy etiladi. Bu esa jarayonlarni yanada tezlashtiradi.
Senatorlar mazkur qonun intellektual mulk sohasini takomillashtirish, mamlakatning innovatsion rivojiga hissa qo‘shish va jamiyatda intellektual mulkka hurmat ruhini shakllantirishga xizmat qilishini ta’kidlashdi.
Qonun Senat tomonidan rasman ma’qullandi.





