Internet blokadasi fonida Rossiyada radio auditoriyasi rekord darajada o‘sdi

04.03.2026 | 09:182 daqiqa

Rossiyada yetti yillik tanaffusdan so‘ng ilk bor radio tinglovchilar sonining o‘sishi kuzatildi: internetdagi texnik cheklovlar va ommaviy blokirovkalar aholini an’anaviy axborot manbalariga qaytarmoqda.

Internet blokadasi fonida Rossiyada radio auditoriyasi rekord darajada o‘sdi

«Kommersant» nashrining «Mediascope» ma’lumotlariga tayanib yozishicha, 2025-yilning ikkinchi yarmida Rossiyada radio tinglovchilarning haftalik auditoriyasi 2019-yildan beri ilk bor 0,4 foizga o‘sib, 49,3 mln kishiga yetdi. Oylik qamrov esa 2022-yildan buyon birinchi marta 0,8 foizlik ijobiy dinamika ko‘rsatib, 54,9 mln tinglovchini tashkil etdi.

Ekspertlar ushbu trendni Telegram va WhatsApp kabi messenjerlar faoliyatidagi cheklovlar hamda mobil internetning tez-tez o‘chirilishi bilan bog‘lamoqdalar. Tinglash davomiyligining ortishi aholining «turbulent yangiliklar» sharoitida barqaror axborotga bo‘lgan ehtiyoji ortganidan dalolat beradi.

Messenjerlar blokirovkasi

2026-yilning fevral oyi boshida «Roskomnadzor» «Telegram»ni sekinlashtirish choralarini kuchaytirdi, natijada foydalanuvchilarda mediafayllarni yuklashda muammolar yuzaga keldi.

Kremlga yaqin manbalarning ta’kidlashicha, 2026-yil 1-apreldan boshlab «Telegram» Rossiyaning aksariyat hududlarida to‘liq to‘sib qo‘yilishi mumkin. Shuningdek, 2025-yilning avgust oyidan buyon «WhatsApp» messenjeriga nisbatan ham qat’iy cheklovlar joriy etilmoqda.

Yil yakuniga ko‘ra, Rossiyadan ushbu servis serverlariga ulanish urinishlarining 90 foizi muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Ilgari 100 mlnlik auditoriyaga ega bo‘lgan ushbu platforma endilikda faqat maxsus aylanib o‘tish vositalari orqali ishlamoqda.

Mobil internetning o‘chirilishi

2025-yilning may oyidan boshlab Rossiya bo‘ylab dronlar hujumi xavfi sababli mobil internetni ommaviy o‘chirish holatlari qayd etilmoqda.

«Na svyazi» loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, yetti oy ichida mamlakat bo‘ylab 11,9 mingta «shatdaun» holati kuzatilgan. «Top10VPN» hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya 2025-yil yakuni bo‘yicha internetni o‘chirish davomiyligi bo‘yicha dunyoda yetakchiga aylandi: cheklovlar jami 37 166 soat davom etgan va 146 mln aholiga ta’sir qilgan.

Vladimir Putin ushbu cheklovlarni xorijiy servislar harbiy maqsadlarda ishlatilayotgani bilan izohladi. Bunday raqamli blokada sharoitida radio axborot olishning eng ishonchli va cheklovlardan xoli vositasi sifatida yana kun tartibiga chiqdi.

Teglar

Mavzuga oid