
Investitsiya platformalari uchun yangi qoidalar tasdiqlandi
O‘zbekistonda investitsiya platformalari faoliyatini sinovdan o‘tkazish uchun «tartibga solish qumdoni» doirasida qat’iy talablar joriy etildi.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) investitsiya platformalari uchun «tartibga solish qumdoni» doirasida amal qiladigan maxsus huquqiy rejimni tasdiqladi. Direktor Dmitriy Li imzolagan nizomga muvofiq, ushbu rejim O‘zbekistonda muqobil investitsiya mexanizmlarini sinovdan o‘tkazish va joriy etishga qaratilgan bo‘lib, 2026 yil 1-oktabrga qadar amal qiladi.
Yangi tartib investitsiya platformalari orqali yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga, shu jumladan xorijiy investorlar hisobidan mablag‘ jalb qilish imkonini beradi. Barcha investitsiya operatsiyalari platforma orqali tuziladigan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
Nizomga ko‘ra, investitsiya platformasi operatori faqat O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan kompaniya bo‘lishi mumkin. Platformaning serverlari va ma’lumotlar bazalari mamlakat hududida joylashtirilishi shart. Shuningdek, axborot tizimlari shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, mualliflik huquqlari va pul yuvishga qarshi qonunchilik talablariga to‘liq mos bo‘lishi kerak.
Investorlar, bitimlar va o‘zaro munosabatlarga oid barcha ma’lumotlar, shu jumladan xizmat yozishmalari kamida 5 yil davomida saqlanadi. ILMA so‘rovi asosida platforma o‘z faoliyati haqida axborot taqdim etishi majburiy hisoblanadi.
Hujjatda rahbar xodimlarga qo‘yiladigan talablar ham aniq belgilangan. Terrorizm, korrupsiya, pul yuvish yoki iqtisodiy jinoyatlar uchun sudlangan shaxslar rahbarlik lavozimlarini egallay olmaydi. Shuningdek, rahbarlar iqtisodiyot, moliya, huquq, matematika yoki IT sohasida oliy ma’lumotga va kamida ikki yillik tegishli ish tajribasiga ega bo‘lishi shart.
«Tartibga solish qumdoni»ga kirish uchun kompaniya ILMAga ariza topshiradi. Ariza 20 ish kunida ko‘rib chiqiladi. Rad javobi berilgan taqdirda, kamchiliklar bartaraf etilgandan so‘ng 30 kun ichida qayta murojaat qilish mumkin. Ishtirokchi kompaniyalar har oy hisobot taqdim etishi shart; ikki oy ketma-ket hisobot berilmasa, maqom bekor qilinadi.





