
Investitsiya uchun imkoniyat: 2040 yilga borib O‘zbekistonda omborlarga bo‘lgan talab keskin oshadi
Yevrosiyo taraqqiyot bankiga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda logistika va ombor ko‘chmas mulkining asosiy o‘sish nuqtasiga aylanmoqda.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida logistika va ombor ko‘chmas mulki sektorining asosiy drayveriga aylanib bormoqda. Prognozlarga ko‘ra, 2040 yilga kelib mamlakatda yuqori sifatli ombor maydonlariga bo‘lgan ehtiyoj hozirgi ko‘rsatkichlardan keskin oshib, 7,6 million metr kvadratgacha yetishi mumkin. Bu haqda Yevrosiyo taraqqiyot bankining yangi tahliliy hisobotida ma’lum qilindi.
Yevrosiyo taraqqiyot banki ekspertlari O‘zbekiston iqtisodiyotidagi tarkibiy o‘zgarishlar logistika sohasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatayotganini qayd etdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ombor ko‘chmas mulki segmentida eng yuqori investitsion faollik Toshkent, Samarqand, Farg‘ona va Urganch kabi yirik shaharlar va transport bog‘lamalarida kuzatilmoqda.
Talab tuzilmasidagi eng katta o‘sish elektron tijorat sektorida kutilmoqda, bu yerda maydonlarga bo‘lgan ehtiyoj 0,04 milliondan 1,2 million metr kvadratgacha yetadi. Chakana savdo tarmoqlari uchun esa ombor maydonlari 0,6 mln metr kvadratdan 3,9–4,9 mln metr kvadratgacha kengayishi prognoz qilinmoqda. Agrobiznes sohasida ham sovitkichli va ixtisoslashgan omborlarga talab keskin ortishi iqtisodiy zaruratga aylanadi.
Iqtisodiy o‘sishning asosiy omillari sifatida tez rivojlanayotgan ichki iste’mol bozori, aholining yosh tarkibi va mahalliy marketpleyslarning kengayishi ko‘rsatilgan. Shuningdek, Xitoy, Afg‘oniston va Yaqin Sharq yo‘nalishlari bo‘ylab tranzit va eksport yo‘laklarining rivojlanishi O‘zbekistonning mintaqaviy logistika xabi sifatidagi maqomini mustahkamlamoqda.





