
iPhone 17 sotib olish uchun o‘zbekistonliklar necha kun ishlashiga to‘g‘ri keladi?
02.10.2025 | 09:4020574
Mamlakatda o‘rtacha ish haqi 6 million so‘m atrofida. Xo‘sh o‘qituvchi, bankir va boshqalar necha kun ishlasa Iphone'ning so‘nggi modelini sotib olisholadi.

Apple kompaniyasi joriy yilning sentyabr oyida yangi dizayndagi iPhone 17 smartfonlarini taqdim qildi. O‘zbekistonda ham ularning sotuvi allaqachon boshlangan. «Bankir» Telegram-kanali asoschisi o‘zbekistonliklar o‘rtacha necha-kun yemay-ichmay ishlasa Iphone 17 olishi mumkinligini hisoblab chiqdi.
Yangi taqdim qilingan iPhone 17 Air narxlari «Malika» bozorida 1 520 dollardan sotilmoqda.
17 pro narxlari 1 650 dollardan, 17 pro max narxlari esa 2 100 dollardan boshlangan.
Mamlakatda o‘rtacha ish haqi 6 million so‘m atrofida. Dollar kursini 12 200 so‘mdan hisoblaganda, o‘rtacha ishchiga 17 Air xarid qilish uchun 93 kun ishlashiga to‘g‘ri keladi. Albatta, davomadini boshqa hech narsaga sarflamagan holda. Bu ko‘rsatkich iPhone 17 pro uchun 101 kunni, 17 pro max uchun esa 128 kunni tashkil qiladi.
O‘tgan yili o‘rtacha o‘zbekistonlik iPhone 16 pro max olishi 154 kun ishlashi kerak edi. Biroq u paytlar dollar kursi 12 800 so‘m atrofida bo‘lgan.
O‘rtacha oylik ham biroz oshdi. Ammo kunlar qisqarishiga dollar kursining qadrsizlanayotgani sabab bo‘ldi, xolos. Odamlarning oylik o‘rtacha daromadi keskin oshib ketgani yo‘q!
Raqamlar kasblarga qarab ham farq qiladi. O‘qituvchiga 17 pro max olishi uchun o‘rtacha 185 kun kerak bo‘lsa, bankirlar uchun ancha kamroq — 47 kun kifoya qiladi.
Narxlar bir necha haftadan so‘ng pasayadi. Biroq shunda ham iPhone narxlari o‘tgan yilgidan ancha yuqori bo‘lib qoladi.
Amerikada iPhone'ni nisbatan arzon olib kelish mumkin, ammo ming dollardan oshgan xaridlar uchun O‘zbekistonda 30 foiz boj ham bor.





