Ipoteka kompaniyasi 700 mlrd so‘mlik obligatsiyalarni chiqardi
«O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» 700 milliard so‘mlik obligatsiyalarni muomalaga chiqardi. Bu emissiya kompaniya tarixidagi eng yirik joylashtirish sifatida qayd etildi.
© mfd.mos.ru«Toshkent» respublika fond birjasi «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi»ning navbatdagi korporativ obligatsiyalar chiqarilishini kotirovka ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda birja matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi emissiya UZ6056887AI4 kodi bilan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, davlat kompaniyasi uchun to‘qqizinchi obligatsiyalar chiqarilishi hisoblanadi.
Obligatsiyalar savdosi 30-iyun, bugundan boshlanadi. Kompaniya 700 ming dona obligatsiya chiqargan bo‘lib, ularning har biri 1 million so‘m nominal qiymatga ega. Emissiyaning umumiy hajmi 700 milliard so‘mni tashkil etadi. Bu kompaniya tarixidagi eng yirik bir martalik obligatsiya chiqarilishi hisoblanadi.
Qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha yillik daromadlilik 16,5 foiz etib belgilangan. Kupon to‘lovlari har uch oyda amalga oshiriladi. Obligatsiyalar muomala muddati 2555 kun yoki qariyb yetti yilni tashkil qiladi.
Avvalgi natijalar
2024 yildan buyon kompaniya «Toshkent» fond birjasida jami sakkizta korporativ obligatsiya chiqarilishini amalga oshirgan. Ularning umumiy hajmi 1,49 trillion so‘mga yetgan.
Shuningdek, joriy yil mart oyida kompaniya obligatsiyalari bo‘yicha daromadlilik tarixi davomidagi eng past daraja — yillik 16,5 foizga tushgan edi.
Yangi moliyalashtirish
Kompaniya ipoteka kreditlari bilan ta’minlangan ilk ipoteka obligatsiyalarini ham chiqarishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Iyun oyi boshida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi 40,5 milliard so‘mlik dastlabki ipoteka obligatsiyalari chiqarilishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan.
Bundan tashqari, «Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki» «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi»ga 50 million dollar miqdorida qarz ajratishini ma’lum qilgan. Ushbu mablag‘lar ipoteka bozorini rivojlantirish va uzoq muddatli moliyalashtirish manbalarini kengaytirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.





