
Iqtisodchi poytaxtda nega go‘sht arzonlashganini aytdi
04.08.2025 | 21:004034
«Endi bu vositani faqat rahbarlar ko‘zi uchun vitrinaga aylangan va boy Toshkentda emas, kambag‘al va qimmatchilik tufayli kam go‘sht yeydigan hududlarda, masalan, Farg‘ona vodiysi tumanlarida ham amalga oshirish kerak», - deydi Otabek Bakirov.

Toshkent shahrida arzonlashtirilgan go‘sht intervensiyasi go‘sht bozorida narxlarning tushishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov yozmoqda.
Qayd etilishicha, 3 avgust kuni poytaxtda jami 21,8 tonna arzon go‘sht sotilgan — bu umumiy sotuvning 27,6 foizini tashkil etadi.
Eng ko‘p arzon go‘sht Eski Jo‘va (6 tonna) va Farhod (5,6 tonna) bozorlarida sotuvga chiqarilgan. Shahar ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, mahalliy mol go‘shti 85 ming so‘mdan, import mol go‘shti 70 ming so‘mdan, mahalliy qo‘y go‘shti 90 ming so‘mdan va muzlatilgan go‘sht 65 ming so‘mdan taklif etilmoqda. Go‘sht sifati va navlari haqida aniq ma’lumot berilmagan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining kunlik ma’lumotiga ko‘ra, intervensiya fonida tijoriy bozordagi narxlarda ham pasayish kuzatilmoqda. Mol go‘shti 73–98 ming so‘mdan 72–96 ming so‘mga tushgan, import sovutilgan mol go‘shti esa 93–95 ming so‘mdan 92–93 ming so‘mgacha arzonlashgan. Qo‘y go‘shtida o‘zgarish kuzatilmagan.
Mutaxassis Otabek Bakirov fikricha, go‘sht intervensiyasi narxni cheklashga nisbatan samarali va bozorga mos vosita hisoblanadi. Ammo bu mexanizmni faqat Toshkentda emas, balki go‘sht eng qimmat bo‘lgan Farg‘ona vodiysi kabi aholi kam go‘sht iste’mol qiladigan hududlarda ham joriy etish zarur. Bakirov ta’kidlashicha, O‘zbekistonda go‘sht narxi oxirgi bir yilda 32,9%gacha oshgan.
«Go‘sht narxini cheklashdan ko‘ra, go‘sht intervensiyasi (yoki pastlab ketganda go‘sht xaridi) samarali va bozor vositasi hisoblanadi. Endi bu vositani faqat rahbarlar ko‘zi uchun vitrinaga aylangan va boy Toshkentda emas, kambag‘al va qimmatchilik tufayli kam go‘sht yeydigan hududlarda, masalan, Farg‘ona vodiysi tumanlarida ham amalga oshirish kerak», - deydi u.





