add

Irrigatsiya institutida kosmik kuzatuv stansiyalari joylashtiriladi

Bugun 10:552072 daqiqa

Prezident huzurida bo‘lib o‘tgan taqdimotda suvni tejash, energiya samaradorligini oshirish va ilm-fanni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar muhokama qilindi.

Irrigatsiya institutida kosmik kuzatuv stansiyalari joylashtiriladi

15-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga suv resurslarini boshqarish va energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdim etildi. Ular orasida Qoraqalpog‘istonda nasos stansiyalarini yangilash hamda Toshkent irrigatsiya instituti ilmiy salohiyatini kuchaytirish masalalari alohida o‘rin oldi.

Ma’lum qilinishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 274 ta nasos stansiyasi orqali 185 ming gektardan ortiq yer maydoni sug‘oriladi. Ulardagi nasos agregatlarining yarmidan ko‘pi 1979 yilgacha ishlab chiqarilgan bo‘lib, energiya sarfi zamonaviy uskunalarga nisbatan 2–3 barobar yuqori. Kegeyli tumanida eski agregat zamonaviy nasosga almashtirilgandan so‘ng elektr energiyasi sarfi ikki barobarga kamaygan.

Shu tajribadan kelib chiqib, Qoraqalpog‘istondagi 276 ta nasos agregatini bosqichma-bosqich energiya tejamkor uskunalarga almashtirish rejalashtirilgan. Natijada yillik 25 milliard so‘m elektr energiyasi tejalishi va loyiha xarajatlari 14 oy ichida o‘zini oqlashi kutilmoqda.

Yig‘ilishda Toshkent irrigatsiya institutining rivojlanish ko‘rsatkichlari ham ko‘rib chiqildi. Universitet THE World University Rankings reytingida 501-o‘rinni, QS World University Rankingsda esa 469-o‘rinni egallagan. Prezident oliygohni dunyoning top-300 universitetlari qatoriga kiritish bo‘yicha aniq choralar ishlab chiqishni topshirdi.

Kelgusida institut kampusida kosmik kuzatuv stansiyalari joylashtirilib, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini qabul qilish infratuzilmasi rivojlantiriladi. Bu iqlim o‘zgarishi, suv zaxiralarini monitoring qilish va ilmiy tahlillarni yangi darajaga olib chiqishi kutilmoqda.

Shuningdek, «Suv diplomatiyasi» magistrlik dasturini ishga tushirish, Toshkent xalqaro suv haftaligi va Orolbo‘yida xalqaro forum o‘tkazish rejalari ham belgilandi.

Teglar

Mavzuga oid