
Ish haqi va pensiyalar 2030 yilgacha inflyatsiyadan yuqori oshiriladi
2030 yilgacha ish haqi, pensiya va nafaqalar real o‘sishini ta’minlash uchun ular inflatsiya darajasidan yuqori sur’atda ko‘tarilishi, Pensiya jamg‘armasiga byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar esa bosqichma-bosqich kamaytirilishi rejalashtirilgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026 yilga mo‘ljallangan byudjetnomasiga ko‘ra, O‘zbekistonda ish haqi, pensiya va nafaqalar 2030 yilgacha inflatsiya darajasidan yuqori miqdorda oshirib boriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu siyosat aholining real daromadlarini ko‘tarish va ijtimoiy himoya samaradorligini ta’minlashga qaratilgan.
Hujjatda davlat pensiya tizmini isloh qilish orqali Pensiya jamg‘armasini mablag‘ bilan ta’minlashdagi davlat ishtirokini qisqartirish rejalashtirilmoqda. 2026 yil boshiga Pensiya jamg‘armasining qoldig‘i 3,9 trln so‘m etishi, yillik daromadlari 64,7 trln so‘mga, xarajatlari esa 86,1 trln so‘mga yetishi prognoz qilingan. Shu munosabat bilan kelasi yil byudjetdan 23 trln so‘mlik transfert ajratish belgilangan.
Vazirlik 2027 yildan boshlab bu miqdor kamayishini prognoz qilmoqda: 2027 yilda transfertlar 20 trln so‘mga, 2028 yilda esa 18 trln so‘mga tushishi prognoz qilingan. Bu orada jamg‘armaning daromadlari 2027 yilda 75 trln, 2028 yilda 87,8 trln so‘mgacha o‘sishi kutilmoqda. Xarajatlar esa mos ravishda 95,1 trln va 104,8 trln so‘mni tashkil etadi.
Kelasi uch yilda mamlakatda pensionerlar soni 489 ming kishiga oshib, 4,76 million nafarga yetishi kutilmoqda. Shu bilan birga, har yili pensiya yoshiga yetadiganlar soni 5,1 foizga o‘sadi. Bu esa pensiya xarajatlarini yanada ko‘paytirishi mumkin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisob-kitobiga ko‘ra, budjet tashkilotlari xodimlari ish haqining har 1 foizga oshirilishi budjet xarajatlarini 1,67 trln so‘mga, pensiyalarning shunchaga oshirilishi esa 861 mlrd so‘mga ko‘paytiradi. Ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar sonining 10 foizga ortgani ham budjet xarajatlarini qariyb 1,6 trln so‘mga oshirib yuboradi.
So‘nggi o‘n yillikda Pensiya jamg‘armasi daromadlari 3,4 barobar, xarajatlari esa 5 barobar oshgan. Transfertlar hajmi yildan-yilga o‘sib bormoqda: 2022 yilda 11 trln, 2023 yilda 15 trln, 2030 yilda esa 38 trln so‘mgacha yetishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 2025 yil 1-oktabr holatiga mamlakat bo‘ylab jami 4 million 241,8 ming nafar fuqaro pensiya olishi qayd etilgan. Ulardan 3 million 514,1 ming nafari yoshga doir pensiya, 482,1 ming nafar kishi nogironlik pensiyasi, 245,6 ming nafar oila esa boquvchisini yo‘qotganlik uchun pensiya oladi.





