
Ish haqi va pensiyalar inflyatsiyadan yuqori miqdorda oshiriladi
29.07.2025 | 21:3024723
2026–2028 yillarda O‘zbekistonda ish haqi, pensiya va nafaka miqdorlari har yili inflyatsiya darajasidan yuqori oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu fuqarolarning turmush darajasini yaxshilashga qaratilgani aytilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan 2026–2028 yillar uchun fiskal strategiyaga ko‘ra, davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar xodimlarining ish haqi, pensiyalar hamda ijtimoiy nafaka miqdorlari inflyatsiya darajasidan yuqori sur’atda oshirib boriladi.
Mazkur choralar aholining real daromadlarini oshirish, xarid qobiliyatini saqlash va ijtimoiy himoya mexanizmlarini mustahkamlash maqsadida amalga oshirilmoqda. 2025 yil 1 iyuldan e’tiboran ijtimoiy to‘lovlar o‘rtacha 10 foizga oshirildi. Shu bilan birga, yil yakuniga qadar inflyatsiya darajasi 8 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Fiskal strategiyada nazarda tutilgan yana bir muhim yo‘nalish — Pensiya jamg‘armasining barqaror moliyaviy ta’minotini kuchaytirishdir. Shu maqsadda, ijtimoiy soliq bo‘yicha berilgan ayrim imtiyozlar qayta ko‘rib chiqiladi.
2025 yilda davlat byudjetidan Pensiya jamg‘armasiga 20 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, 2028 yilda bu ko‘rsatkich 26 trln so‘mga yetishi rejalashtirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, byudjet xodimlari maoshining har bir 1 foizlik oshishi davlat byudjetiga 1,67 trln so‘mga tushadi. Pensiyalarni shuncha miqdorga oshirish esa 861 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Agar ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar soni 10% ga ko‘paysa, byudjet xarajatlari qariyb 1,6 trln so‘mga ortishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yildan boshlab O‘zbekistonda ish haqi va ijtimoiy to‘lovlar inflyatsiyadan yuqori miqdorda indeksatsiya qilib kelinmoqda.





