
Ish staji bo‘lmaganlar orasida nafaqa oluvchilar soni 719 mingdan oshdi
11.06.2025 | 11:205173
2025 yil 1 iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda ish stajisiz pensiya tayinlanmagan holda ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 719 219 nafarga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 397 nafar yoki 0,33 foizga ko‘pdir.
Shu jumladan, 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun nafaqa oluvchilar soni 171 585 nafarni tashkil etdi, bu 242 nafarga kamaygan. Nogironlik nafaqasini oluvchilar soni 316 941 nafarga yetdi va 256 nafarga ko‘paydi. Parvarish nafaqasi to‘lanadiganlar soni 74 453 nafar bo‘lib, 365 nafarga kamaydi.
Yoshga doir ijtimoiy nafaqa oluvchilar 88 950 nafarni tashkil etib, 840 nafarga oshgan. Shuningdek, boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasini oluvchilar soni 57 989 nafar bo‘lib, 375 nafarga ko‘paygan. Yolg‘iz keksalar va boshqa shaxslar parvarishiga muhtoj nogironlarga moddiy yordam oluvchilar soni 7 743 nafarni tashkil etmoqda, bu o‘tgan yilga nisbatan 25 nafarga kam.
2025 yildan boshlab Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oilaga (patronatga) tarbiyaga olgan fuqarolarga har oylik pul to‘lovlari hamda ularni kiyim-bosh va poyabzal bilan ta’minlash xarajatlari davlat tomonidan to‘lanmoqda.
2025 yil 1 iyundan e’tiboran bu turdagi to‘lovlar to‘liq raqamlashtirilib, to‘lov qaydnomalari elektron shaklga o‘tkazilgan. Hozirgi kunda parvarish va ta’minot uchun to‘lov olayotgan bolalar soni 1 558 nafarni tashkil etadi. Shundan 940 nafari patronatga berilgan bolalar, 618 nafari esa oilaviy bolalar uylarida tarbiyalanayotgan bolalar hisoblanadi.





