add

Ishdan keyingi mehnat uchun haq to‘lash soddalashtirilishi mumkin

27.05.2025 | 16:0040994

O‘zbekistonda ish vaqtidan tashqari mehnat uchun haq to‘lash tartibini yengillashtirish va uning chegaralarini aniq belgilash bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida muhokama qilindi.

Ishdan keyingi mehnat uchun haq to‘lash soddalashtirilishi mumkin
Fraksiya a’zolari tomonidan ishchilarning huquqlarini kuchaytirish, ishdan keyingi mehnat uchun adolatli haq to‘lash, ish beruvchilar va xodimlar uchun qulaylik yaratish muhimligi alohida ta’kidlandi. Qonun loyihasidagi asosiy yangiliklardan biri — ish vaqtidan tashqari mehnatning birinchi ikki soati uchun kamida bir yarim baravar, undan ortiq qismi uchun esa kamida ikki baravar haq to‘lash tartibini belgilashdir. Shuningdek, xodimni yil davomida 120 soatgacha ishdan keyingi mehnatga jalb etish imkoni mavjudligi amalda mavjud norma bo‘lib, endi uni ikki kun mobaynida to‘rt soatdan oshmasligi shaklida cheklash ko‘zda tutilmoqda. Bu o‘zgarishlar xalqaro amaliyotga muvofiq ravishda ishlab chiqilgani qayd etildi. Yig‘ilishda deputatlar tashabbuskorlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berib, loyiha bo‘yicha qo‘shimcha tushuntirishlar olishdi. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullandi. Shuningdek, yig‘ilishda migratsiya masalalari ham ko‘rib chiqildi. Xususan, so‘nggi yillarda xorijda ishlash istagida bo‘lgan shaxslardan xususiy bandlik agentliklari tomonidan noqonuniy to‘lovlar undirilish holatlari ko‘paygani tanqid qilindi. Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, xususiy agentliklarga fuqarolarni kasb va chet tillariga o‘rgatish kurslarini tashkil etish hamda bu jarayonga xorijiy ish beruvchilarni jalb qilish huquqi beriladi. Shu bilan birga, Migratsiya agentligiga agentliklar tomonidan qonun buzilish holatlariga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rish vakolati topshirilmoqda. Yig‘ilishda muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Teglar

Mavzuga oid