
Islom dunyosi iqtisodiy salohiyatidan to‘liq foydalana olmayapti — Erdo‘g‘on
31.05.2025 | 18:3011903
Istanbuldagi sammitda Turkiya rahbari adolat va hamkorlik asosidagi iqtisodiy tizimni ilgari surdi.

Istanbulda o‘tkazilgan Islom iqtisodiyoti bo‘yicha ikkinchi jahon sammitida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on musulmon mamlakatlarini savdo, sarmoya va moliyaviy hamkorlikni kengaytirishga chaqirdi.
Uning ta’kidlashicha, musulmonlar dunyo aholisining 25 foizini tashkil qilsa-da, islomiy moliya sektori hali o‘z salohiyatining kichik qismigina ishga solinmoqda. Shu bois, Erdo‘g‘on islom dunyosi iqtisodiy imkoniyatlarini to‘liq ishga solishi lozimligini qayd etdi.
Prezident fikricha, global iqtisodiyot hozirgi kunda tengsizlik va ishlab chiqarishsiz o‘sishga asoslangan. Bu esa barqaror yechim emas. Islom iqtisodiyoti esa adolat va birdamlikka asoslangan alternativ yo‘l sifatida ko‘riladi.
Erdo‘g‘on Turkiyada islom banklari moliyaviy bozordagi ulushi 8,1 foiz darajasida qolib ketganini tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat islomiy moliya tizimini rivojlantirish uchun jiddiy choralar ko‘rmoqda.
Sammit doirasida islom moliyasi, FinTech texnologiyalari, halol iqtisod standarti va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Bu sammit musulmon mamlakatlari o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘lidagi navbatdagi qadam sifatida baholanmoqda.





