
Islomiy banklarda «investitsion omonatlar» davlat tomonidan kafolatlanmaydi
Markaziy bank vakilining aytishicha, investitsion va an’anaviy omonatlar mutlaqo ikki xil moliyaviy instrument hisoblanadi.

2026 yil, 5-fevral kuni O‘zbekiston Senati islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qonunni ma’qulladi.
Hujjatga muvofiq, ikki kodeks hamda yetti qonunga islomiy bank faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilaydigan normalar kiritilmoqda. Ushbu o‘zgartishlar islomiy moliya tamoyillariga muvofiq xizmatlar ko‘rsatishni qonun darajasida mustahkamlaydi.
Yalpi majlisda senator Ikromxon Najmiddinov «Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 3-moddasiga kiritilayotgan «investitsiyaviy omonat» tushunchasi va bu turdagi omonatning hozirda mavjud an’anaviy omonatlardan farqi va nima uchun alohida ko‘rsatib o‘tilgani haqida savol berdi.
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Turdaliyevning ta’kidlashicha, investitsion va an’anaviy omonatlar mutlaqo ikki xil moliyaviy instrument hisoblanadi.
Turdaliyevning tushuntirishicha, islomiy moliya tamoyillari asosida faoliyat yurituvchi banklar foydani taqsimlash va vakolatli shartnomalar asosida jalb qiladigan mablag‘lar «investitsion omonat» sifatida qayd etiladi.
An’anaviy omonatlarda esa omonat muddati va foiz hisoblanishi majburiy belgilangan va kafolatlangan.
Islomiy moliyaga asoslangan moliyaviy tizimda esa pul mablag‘lari investitsiya tarzida beriladi va bu mablag‘lar egasi barcha xavf-xatarlarni bank bilan teng bo‘yniga oladi.
Shundan kelib chiqib, bu turdagi omonatlar «Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunda kafolatlanmasligi alohida qayd etilmoqda, deya izoh berdi Markaziy bank vakili.
Ma’lumot uchun, hozirda O‘zbekiston banklarida omonatlarning faqat 200 mln so‘mgacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan kafolatlanadi. Bunda 200 mln so‘mlik kafolat chegarasi har bir bankka nisbatan alohida qo‘llaniladi.
Yaqinda «Yangi bank» yopilishi ortidan uning omonatchilariga 200 mln so‘mgacha bo‘lgan omonatlari uchun kompensatsiya to‘lab berilmoqda. Kompensatsiya to‘lashda «Biznesni rivojlantirish banki» agent-bank bo‘ldi.
«Yangi bank» omonatchilariga shu paytga qadar 195 mlrd so‘m miqdorida kompensatsiya to‘langan bo‘lib, bu umumiy ko‘rsatkichga nisbatan 94 foizni tashkil etadi.





