
Ismni o‘zgartirishga ruxsat jinsni o‘zgartirishni legallashtirishni anglatmaydi — Adliya vazirligi
17.06.2025 | 08:1512543
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «jinsini o‘zgartirishga ruxsat berildi» mazmunidagi xabarlarga Adliya vazirligi rasmiy munosabat bildirdi. Yangilik sifatida qabul qilingan qoidalar amalda 1998 yildan buyon mavjud bo‘lgan huquqiy normaga asoslangan.

Adliya vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «endi jinsini o‘zgartirsa, ism va familiyani ham o‘zgartirish mumkin», degan xabarlar bo‘yicha rasmiy bayonot berdi. Bayonotda ta’kidlanishicha, bu holatlar yangilik emas, balki amaldagi Oila kodeksining 229-moddasida 1998 yildan buyon belgilangan huquqiy me’yor asosida amalga oshiriladi.
Qonunchilikka muvofiq, bola tug‘ilganda uning jinsi tibbiy guvohnoma asosida qayd etiladi. Biroq har yili 5–6 nafar bola jinsi noaniq holda tug‘ilib, keyinchalik tibbiy tekshiruvlar natijasida uning asl jinsi aniqlanishi mumkin. Bunday holatlarda tibbiyot muassasasining xulosasi asosida fuqarolik holatlarini qayd etish hujjatlariga jins bo‘yicha tuzatish kiritiladi.
Ammo ushbu holatlarda bolaning ism, familiya va otasining ismini jinsiga mos ravishda o‘zgartirish imkoniyati amalda mavjud emas edi. Masalan, 2008 yilda tug‘ilgan va tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomada avval «o‘g‘il» deb qayd etilgan bolaga keyinchalik «qiz» deb tuzatish kiritilgan, biroq uning ism va familiyasini o‘zgartirishning huquqiy asosi mavjud emas edi.
Mazkur huquqiy bo‘shliqni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 12 iyundagi 362-sonli qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, tibbiy xulosa asosida jinsi tuzatilganda, bolaning familiya, ism va ota ismini ham jinsiga mos ravishda o‘zgartirish imkoni yaratiladi.
Adliya vazirligi bu qaror jins o‘zgartirishga ruxsat berish emas, balki tibbiy zarurat asosida tuzatish kiritishdagi huquqiy tartibni aniqlashga qaratilganini ta’kidladi.





