add

Ispaniyada hafta davomida ikkinchi marta yana ikkita poyezd halokatga uchradi

Bugun 11:122 daqiqa

Kuchli bo‘ron oqibatida Ispaniyada ikki poyezd relsdan chiqib ketdi, mashinist halok bo‘ldi va o‘nlab yo‘lovchilar jarohat oldi.

Ispaniyada hafta davomida ikkinchi marta yana ikkita poyezd halokatga uchradi

Ispaniyaning Barselona shahri yaqinida ikki alohida poyezd halokati sodir bo‘ldi. Hodisalardan biri o‘lim bilan yakunlanib, kamida 37 kishi turli darajada tan jarohati oldi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Birinchi avariya sabablari va oqibatlari

Ma’lum qilinishicha, 20-yanvar kuni kechqurun Barselona yaqinida «Rodalies» tarmog‘iga tegishli poyezd «Gelida» va «Sant-Sadurni» stansiyalari oralig‘ida yo‘l chetidagi devorga borib urilgan. Kuchli bo‘ron sabab tayanch devor qulagan va temiryo‘l iziga tushib qolgan.

Halokat oqibatida poyezd mashinisti voqea joyida halok bo‘lgan. Kamida 37 nafar yo‘lovchi jarohat olgan: besh nafari og‘ir, olti nafari o‘rtacha va 26 nafari yengil ahvolda. Jabrlanuvchilar Moises Broggi, Bellvitje va Vilafranka shifoxonalariga yetkazilgan. Qutqaruv ishlariga 11 ta tez yordam mashinasi hamda 35 ta o‘t o‘chirish guruhi jalb etilgan. Poyezd ichida qisilib qolgan bir yo‘lovchi omon qutqarib olingan.

Ikkinchi avariya: qurbonlar yo‘q

Xuddi shu kuni Barselonaning shimoli-sharqida, Blanes – Masanet-Massanes yo‘nalishida yana bir poyezd relsdan chiqib ketgan. Ispaniya temir yo‘l infratuzilmasi operatori Adif ma’lumotiga ko‘ra, bo‘ron oqibatida ko‘chib tushgan tosh poyezd o‘qiga kelib urilgan. Ushbu hodisada hech kim jabrlanmagan.

Ketma-ket sodir bo‘lgan avariyalar sababli Rodalies tarmog‘ida poyezdlar harakati to‘liq to‘xtatildi. «El Pais» nashrining yozishicha, 21-yanvar kuni ertalab qariyb 400 ming nafar yo‘lovchi poyezd xizmatidan foydalana olmagan. Ayni paytda barcha yo‘nalishlarda xavfsizlik tekshiruvlari olib borilmoqda.

2 kun oldingi yirik fojia

Kataloniyadagi ushbu hodisalar 18-yanvar kuni Andalusiyaning Adamuz hududida ro‘y bergan yirik temir yo‘l halokatidan ikki kun o‘tib sodir bo‘ldi. O‘shanda Madridga yo‘l olgan tezyurar poyezd relsdan chiqib, qarshidan kelayotgan boshqa tezyurar poyezd bilan to‘qnashgan edi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu to‘qnashuv so‘nggi o‘n yillikdagi eng yirik temir yo‘l fojialaridan biri bo‘lib, kamida 42 kishi halok bo‘lgan. Ayni damda Ispaniyaning shimoliy va sharqiy sohilbo‘yi hududlarida noqulay ob-havo sabab yuqori xavf darajasi e’lon qilingan.

Teglar

Mavzuga oid