add

Isroil Bosh prokurori Ben-Gvirni lavozimdan olishni talab qildi

Bugun 20:291 daqiqa

Isroil Bosh prokurori Gali Baharav-Miara Oliy suddan Bosh vazir Netanyahuni Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirni lavozimdan olishga majburlashni so‘radi.

Isroil Bosh prokurori Ben-Gvirni lavozimdan olishni talab qildi

Isroil Bosh prokurori Gali Baharav-Miara Oliy sudga murojaat qilib, Binyamin Netanyahudan Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirni lavozimdan chetlatishni talab qildi. Uning aytishicha, vazir o‘z vakolatlarini qonunga xilof ravishda suiiste’mol qilgan.

Isroil ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, Bosh prokuror Ben-Gvir politsiya faoliyatiga noqonuniy aralashib, ayniqsa huquqni muhofaza qilish va tergovlar bilan bog‘liq eng sezgir ishlarda ta’sir o‘tkazganini ta’kidlagan. Bu holatlar politsiyaning mustaqilligi va partiyalardan xoli maqomiga jiddiy zarar yetkazayotgani qayd etilgan.

Baharav-Miara Oliy suddan Bosh vazirni Ben-Gvir nega haligacha lavozimidan olinmagani yuzasidan huquqiy izoh berishga majburlovchi qaror chiqarishni so‘ragan. Uning fikricha, vazirning harakatlari tizimli tus olgan va bu tendensiya to‘xtatilmasa, qaytarib bo‘lmas oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Isroilning KAN davlat teleradiokompaniyasi ma’lum qilishicha, Bosh prokuror mazkur murojaat orqali hukumat rahbarining Ben-Gvirga nisbatan chora ko‘rmasligini qonuniy jihatdan baholatmoqchi.

O‘z navbatida, Ben-Gvir ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Bosh prokurorga nisbatan keskin munosabat bildirib, uning ayblovlarini rad etgan. Uning bayonoti siyosiy muhitda yangi bahslarga sabab bo‘ldi.

Ultrao‘ng millatchi Ben-Gvir o‘z qarashlari, falastinlik mahbuslarga nisbatan munosabati va G‘azo masalasidagi radikal chaqiriqlari bilan avval ham jamoatchilik va xalqaro doiralarda tanqidga uchrab kelgan.

Teglar

Mavzuga oid