
Isroil Bosh shtabi rahbari Eronga qarshi uzoq urushga tayyorlanishga chaqirdi
21.06.2025 | 11:3037752
Isroil armiyasi bosh shtabi rahbari Eyal Zamir Eronga qarshi olib borilayotgan harbiy harakatlarni mamlakat tarixidagi eng murakkab kampaniya deb atadi. U o‘z murojaatida Isroilni uzoq va ko‘p frontli urushga tayyor turishga chaqirdi.

Isroil Qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari Eyal Zamir 20 iyun kuni qilgan bayonotida Eronga qarshi harbiy harakatlarni «Isroil tarixidagi eng qiyin harbiy kampaniya», deb atadi. Uning ta’kidlashicha, bu ziddiyat shunchalik keng ko‘lamli va xavfliki, unga qarshi kurashda mamlakat uzoq muddatli urushga tayyor bo‘lishi shart.
Zamir Isroil harbiylariga qilgan murojaatida: «Biz shunday miqyosdagi tahdidni bartaraf etish uchun tariximizdagi eng og‘ir kampaniyani boshladik. Bu urushda yengil kunlar bo‘lmaydi», — dedi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eronga qarshi kampaniya hali yakunlanmagan. Zamir Isroil bir vaqtning o‘zida bir necha frontda kurashayotganini eslatdi. U G‘azodagi urush ham hali tugamaganini va buni ham inobatga olish lozimligini ta’kidladi.
Bosh shtab rahbari: «Biz mavjud tahdidlarni bartaraf qilish uchun faol va ogohlantiruvchi harakatlar olib borishimiz zarur. Bu faqat hozirni emas, kelajakni ham himoya qilish masalasidir», — deya ta’kidladi.





