
Isroil Eron Qizil Yarim Oy jamiyati vertolyotiga zarba berdi
21.06.2025 | 22:3030103
Ikki davlat o‘rtasidagi to‘qnashuvlar ortidan tinch aholi qurbonlari oshib bormoqda

20 iyun kuni Isroil tomonidan Eron Qizil Yarim Oy Jamiyatiga tegishli qutqaruv vertolyotiga zarba berildi. Bu haqda tashkilot o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi. Hujum oqibatida vertolyot shikastlangani qayd etilgan.
Ushbu harakat Eron va Isroil o‘rtasidagi keskinlik davomida sodir bo‘ldi. Eron hukumatining bayonotiga ko‘ra, Isroil zarbalariga javob tariqasida mamlakat raketalar va uchuvchisiz apparatlar orqali Isroilning bir necha harbiy nishonlariga zarba bergan. Bir necha shaharlarda uy-joylar vayron bo‘lgan, tinch aholi o‘rtasidagi qurbonlar soni ortgan.
Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha kamida 430 nafar kishi halok bo‘lgan, 3500 nafardan ziyod fuqaro jarohatlangan. Isroil tomoni esa Eronning hujumlari natijasida 20 nafardan ortiq inson halok bo‘lganini, 1200 nafarga yaqini jarohatlanganini ma’lum qilgan.
Tomonlar kun davomida bir necha marta bir-biriga zarba bermoqda. Isroil rasmiylari Eronning yadroviy dasturi to‘liq yo‘q qilinmaguncha harbiy amaliyotlar to‘xtamasligini ta’kidlamoqda. Eron esa Isroil havo hujumlarini to‘xtatmaguncha zarbalarni davom ettirishini bildirgan.
Shu paytgacha “The New York Times” Erondagi manbalariga tayangan holda, Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘ldirilishi holatida uning o‘rniga keladigan uchta nomzod tanlangani haqida xabar bergan edi.





