
Isroil–Eron urushi Rossiya foydasiga ishladi
16.06.2025 | 21:4611893
So‘nggi kunlarda xalqaro geosiyosiy ziddiyatlar fonida Rossiya nefti narxi sezilarli darajada ko‘tarildi. Jumladan, Urals brendidagi neft barreli narxi 4400 rubldan 5000 rublgacha chiqdi. Bu Rossiya byudjeti uchun vaqtinchalik yengillik bo‘lishi mumkin.

Isroilning Eron bilan urushi bu yil neft va gaz daromadlarining keskin tushishiga duch kelgan Rossiya byudjeti uchun "qutqaruv halqasi"ga aylanmoqda.
«Xazinaning har to‘rtinchi rubli bog‘liq bo‘lgan Rossiyaning Urals nefti narxi mojaro boshlangandan beri deyarli 15 foizga ko‘tarildi», — deb yozishmoqda BKS tahlilchilari.
10 iyunda 4400 rubl bo‘lgan barrel narxi 13 iyunga kelib 5000 rublga yetdi. Ya’ni bor-yo‘g‘i uch kun ichida 15 foizlik o‘sish qayd etildi.
Biroq, hozircha Urals narxi hukumat dastlab mo‘ljallagan darajaga (bir bochka uchun 6700 rubl) ham, Iqtisodiy rivojlanish vazirligining qayta ko‘rib chiqilgan prognoziga (uning asosida may oyida byudjet qayta hisoblab chiqilgan edi) ham yetmayapti, deya ta’kidlaydi BKS.
Birinchi chorakda Urals'ning rubldagi narxi 5900 rubl atrofida turgan edi. Bu esa yanvar-mart oylarida byudjetning neft-gaz daromadlari 10 foizga kamayishiga olib keldi.
Hozircha narxning ko‘tarilishi Rossiya moliyasiga qisqa muddatli naf berishi mumkin. Ammo bu tendensiya uzoq saqlanish-saqlanmasligi geosiyosiy vaziyatga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.





