
Isroil Eronga qarshi yangi urushga tayyorgarlik ko‘rmoqda — Axios
08.07.2025 | 12:0032685
AQSH prezidenti Donald Tramp agar Eron uranni boyitish dasturini qayta tiklansa, Isroilning zarbalar uchun ruxsat berishi mumkin.

Isroil hukumati Eron yadroviy dasturini qayta faollashtirsa, unga qarshi harbiy amaliyotni tiklashga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda Axios nashri xabar bermoqda. Tramp ham bunday amaliyotga «yashil chiroq» yoqishi mumkin.
7 iyul kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning asosiy muhokama mavzusi — Eron yadroviy tahdidi bo‘ldi. Isroillik rasmiylar Tramp bilan yadroviy tahdid kuchaysa, qanday yo‘l tutish bo‘yicha umumiy strategiya kelishib olishga umid qilmoqda.
Netanyahuning maslahatchisi Ron Dermerga ko‘ra, Tramp ma’muriyati ma’lum bir voqealar ro‘y bersa, Eronga qarshi yangi zarbalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Bunday shartlar qatorida — Fo‘rdu, Natanz va Isfahondagi ob’ektlardan yuqori darajada boyitilgan uranni chiqarish yoki yadroviy infratuzilmani qayta tiklash urinishlari o‘rin olgan.
O‘tgan hafta Dermer AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens, davlat kotibi Marko Rubio va Yaqin Sharq bo‘yicha Oq uy vakili Stiv Uitkoff bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlar tafsilotlari oshkor qilinmagan.
Tramp esa Isroil va Eron o‘rtasidagi 12 kunlik urushdan so‘ng ikki bor shunday bayonot berdi: agar Tehron uran boyitishga qaytsa, AQSH hujumlarni qayta boshlashi mumkin. Shunga qaramay, u diplomatik yechim imkoniyatini istisno qilmayapti va yangi to‘qnashuvdan qochishga umid bildirgan.
AQSH va Isroil razvedkasi baholashicha, hozirda Eronning uchta yadroviy ob’ektlarida 60 foizgacha boyitilgan taxminan 400 kg uran qolgan. Bu hali qurol yasash uchun yetarli emas, ammo juda yaqin miqdor. Ob’ektlar jiddiy zararlagan, lekin butunlay yo‘q qilinmagan, hamda ularga kirish qiyinlashgan.
Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon amerikalik jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida ob’ektlarga yetkazilgan zararni tasdiqladi, ammo ularning aniq holati hali baholanmaganini aytdi.
Ayni paytda, AQSH va Isroil Eron tomonidan ehtimoliy uran ko‘chirish yoki ta’mirlash ishlari boshlanishini kuzatmoqda.
Yaqin kunlarda AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoff Norvegiya poytaxti Osloda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy bilan uchrashishi kutilmoqda. Eron ham bu uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rayotganini tasdiqladi, lekin aniq sana hozircha ma’lum emas.
Dermerning so‘zlariga ko‘ra, AQSH hanuz Eron hududida uran boyitishga yo‘l qo‘yilmasligi borasida qat’iy talabni ilgari surib kelmoqda.





