
Isroil G‘azo sektoriga barcha asosiy harbiy brigadalarini kiritdi
26.05.2025 | 15:1546902
Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarini kengaytirdi. Barcha oddiy piyoda va tank brigadalarining kiritilishi hududdagi zo‘ravonlik kuchayishiga olib kelmoqda.

Euronews agentligi xabariga ko‘ra, Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) G‘azo sektoriga o‘zining barcha piyoda va zirhli brigadalarini joylashtirdi. Bu qadam G‘azodagi harbiy faoliyatni yangi bosqichga olib chiqib, keng ko‘lamli hujumlar uchun zamin yaratmoqda.
Bu harakat XAMAS bilan bo‘lgan kelishuv muzokaralari fonida amalga oshirilmoqda. Isroil rasmiylari jangarilar to‘liq qo‘rolsizlantirilmaguncha harbiy operatsiyalarni to‘xtatmasligini oldindan ma’lum qilgan edi.
G‘azo sektori Sog‘liqni saqlash vazirligining bayonotiga ko‘ra, Isroilning havo hujumlari natijasida 79 nafar inson halok bo‘lgan. Jasadlar shifoxonalarga yetkazilgan, biroq ushbu raqamlarga hozircha Isroil kuchlari tomonidan qurshab olingan shimoliy hududlardagi shifoxonalar kiritilmagan.
Harbiy operatsiyalar faollashgani sababli, mintaqadagi fuqarolik infratuzilmasiga yetkazilgan zarar va inson yo‘qotishlari soni ortayotgani ma’lum qilinmoqda. Mudofaa harakatlarining qancha davom etishi hozircha noma’lum.
Hozirda xalqaro hamjamiyat tinchlik muzokaralarini qayta boshlashga chaqirmoqda, biroq hududdagi vaziyat tobora keskinlashmoqda.





