
Isroil G‘azodan chiqishni istamayapti, muzokaralar to‘xtab qoldi
13.07.2025 | 17:3016053
Qatar va Misr vositachilari Isroilning G‘azodagi rejasini o‘zgartirishini talab qilmoqda

Qatar va Misr vositachilari ishtirokida Dohada o‘tkazilayotgan muzokaralar chog‘ida Isroildan G‘azo sektoridan chiqish bo‘yicha rejani qayta ko‘rib chiqishi so‘ralmoqda. Al Arabiya telekanali manbasining ma’lum qilishicha, bu bo‘yicha yangilangan hujjat shanba yoki yakshanba kuni taqdim etilishi mumkin.
Fransiyaning AFP agentligiga ko‘ra, Isroil G‘azodagi harbiy ishtirokiga barham berishga tayyor emas. Muzokaralarning qiyinlashuvi ham aynan shu pozitsiya bilan bog‘liq. Falastin manbalarining aytishicha, Isroil tomoni juma kuni o‘z qo‘shinlarini to‘liq chiqarish emas, balki ularni qayta joylashtirishni nazarda tutuvchi xarita taklif qilgan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur hujjat Isroil kuchlarining sektorning kamida 40 foiz hududida qolishini nazarda tutadi.
6 iyul kuni Isroil va «HAMAS» harakati Qatar, Misr hamda AQSH vositachiligida Dohada maslahatlashuvlarni davom ettirdi. Asosiy maqsad — o‘t ochishni to‘xtatish va G‘azoda ushlab turilgan isroilliklarni ozod qilishdan iborat.
Qatar Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Maҷid bin Muhammad al-Ansoriyning ma’lum qilishicha, 8 iyul holatiga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar hali boshlanmagan. Qatar va Misr vositachilari XAMAS hamda Isroil bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazib, kelishmovchiliklarni bartaraf etish ustida ish olib bormoqda.
Rasmiy bayonotda ta’kidlanishicha, o‘t ochishni to‘xtatish va kelishuvga erishish vaqt talab etadi.





