
Isroil ko‘chmanchilari falastinliklar va jurnalistlarga hujum qildi
G‘arbiy qirg‘oqda zaytun hosilini yig‘ish uchun yig‘ilgan falastinliklar, faollar va jurnalistlarga Isroil ko‘chmanchi aholisi hujum qildi.

8-noyabr kuni Isroil tomonidan bosib olingan G‘arbiy qirg‘oqdagi Beyta qishlog‘i yaqinida zaytun terimi paytida falastinlik dehqonlar va ularga yordam berayotgan faollar hamda jurnalistlar guruhiga Isroil ko‘chmanchi aholisi hujum qildi. Bu haqda «Reuters» axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, «Reuters» axborot agentligining ikki xodimi jarohat olgan. Guvohlar aytishicha, hujum qilganlar tayoq va toshlar bilan qurollangan bo‘lib, ular 30 ga yaqin falastinlik va 10 ga yaqin jurnalist ishtirok etgan maydonga tepalikdagi manzilgohdan tushib kelgan.
Isroillik huquq himoyachisi Jonatan Pollakning ta’kidlashicha, hujumda taxminan 50 nafar niqobli manzilgoh aholisi qatnashgan. Ular ibroniy tilida «Bu yerdan ketinglar!» deb baqirishgan. Jurnalistlar matbuot yorlig‘i bor jilet va dubulg‘alar kiygan bo‘lganiga qaramay, ularning kamerasi sindirilgan.
jarohat olganlar Nablus shahridagi shifoxonaga yetkazilgan. «Reuters» bayonotida Isroil rasmiylariga hodisani to‘liq tergov qilish va aybdorlarni javobgarlikka tortish, jurnalistlarning xavfsiz mehnat sharoiti ta’minlanishi talab qilindi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil oktabr oyida manzilgoh aholisi falastinliklarga qarshi kamida 264 hujum amalga oshirgan. Bu 2006 yildan beri qayd etilgan eng yuqori oylik ko‘rsatkichdir. Isroildagi huquq tashkilotlari esa bunday holatlar deyarli jazosiz qolishini ta’kidlamoqda.





