
Isroil nimadan xavotirda: AQSHning Suriyadagi yangi strategiyasi
AQSHning iqtisodiy foydaga urg‘u berishi xavfsizlik masalalarining ikkinchi planga tushib qolishiga olib kelishi mumkin.

Yaqin Sharqdagi geosiyosiy o‘zgarishlar fonida Isroil xavfsizlik xizmatlari Vashingtonning Suriya bo‘yicha yangi rejalaridan jiddiy tashvishga tushmoqda. AQSHning Turkiya ta’sirini qo‘llab-quvvatlashi va Rossiya harbiy ishtirokini saqlab qolishi Isroilning strategik manfaatlariga zid kelishi mumkin.
Walla nashrining xabariga ko‘ra, Tel-Avivda Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Sharaa Turkiya manfaatlarini Isroil zarariga ilgari surishidan xavotirlar mavjud. Bu nafaqat Suriya hududidagi ta’sir doirasiga, balki Isroil uchun o‘ta nozik masala bo‘lgan Go‘lan tepaliklariga ham taalluqlidir.
Turkiyaning mintaqada mustahkamlanishi Isroil uchun yangi kuchlar muvozanatini anglatadi va uning harakat erkinligini cheklashi mumkin. Shu bilan birga, AQSH Suriya masalasiga ko‘proq iqtisodiy prizma orqali qarashni boshlagan.
Manbalarga ko‘ra, yirik Amerika korporatsiyalari allaqachon Suriyani qayta tiklash loyihalarida ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda. Vashingtonning iqtisodiy manfaatlari siyosiy va harbiy qarorlarga ta’sir ko‘rsatayotgani Isroil uchun vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.
Bunday sharoitda xavfsizlik masalalari iqtisodiy foyda oldida ikkinchi planga tushib qolishi mumkinligidan xavotirlar bor. Rossiya omili ham Isroil uchun ikki yoqlama ma’noga ega.
Bashar Asad rejimi qulaganidan so‘ng Rossiya o‘z faolligini biroz pasaytirgan bo‘lsa-da, harbiy bazalarini saqlab qoldi va patrul xizmatini qayta tikladi.
Isroil ekspertlarining fikricha, Rossiyaning Suriyada qolishi Eron ta’sirini jilovlashda samarali vosita bo‘lishi mumkin. Biroq, buning salbiy tomoni shundaki, Rossiya harbiy ishtirokining kuchayishi Isroil harbiy-havo kuchlari va quruqlikdagi qo‘shinlarining Suriya hududidagi erkin harakatlariga to‘sqinlik qiladi.
Yangi yil arafasida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda aynan shu masalalar markaziy mavzu bo‘lishi kutilmoqda.
Tel-Aviv Vashingtonni o‘z xavfsizlik kafolatlarini saqlab qolishga va Suriyadagi yangi tartib Isroil manfaatlariga putur yetkazmasligiga ishontirishga harakat qiladi.





