Hokimlik xodimlari pora bilan ushlandi
Jizzax viloyati Zarbdor tumani hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumani hokimligi vakillariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jizzax va Qoraqalpog‘istonda pora olgan hokimiyat xodimlarining noqonuniy harakatlari fosh etildi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.
Birinchi holat Jizzax viloyati Zarbdor tumanida aniqlangan. Tuman hokimligida ishlovchi bosh mutaxassis o‘z xizmat vakolatidan foydalanib, fuqaroga tegishli uyga tutash davlat zaxirasidagi 4 sotix yer maydonini rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. U mazkur yer uchastkasini kadastr tizimidagi tanishlari orqali auksion savdosida yutib, fuqaro nomiga rasmiylashtirish uchun 20 mln so‘m talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida amaldor ushbu pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar holat yuzasidan tergov harakatlarini olib bormoqda.
Ikkinchi holat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida sodir bo‘lgan. Bu yerda tuman hokimligi bosh mutaxassisi hamda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi xodimi o‘zaro til biriktirgan holda fermer xo‘jaligi rahbariga tegishli yer masalasini hal qilib berishni taklif qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ular 41,6 gektar yer maydonini davlat zaxirasiga qaytarmasdan va auksion savdosiga chiqarmasdan tadbirkor nomiga rasmiylashtirish evaziga 3 ming AQSH dollari talab qilgan. Tezkor tadbir davomida amaldorlar ushbu mablag‘ni olgan vaqtida ushlangan.
Har ikki holat bo‘yicha gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.





