Kaspiy orqali Yevropaga «yashil energiya» yo‘lagi ochiladi
Qozog‘iston, O‘zbekiston va Ozarboyjon ishtirokida Yevropaga ekologik toza elektr energiyasi yetkazish loyihasi boshlandi.

Qozog‘iston parlamenti Majilisi Kaspiy dengizi tubidan energokabel o‘tkazish orqali Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga ekologik toza elektr energiyasini eksport qilish imkonini beruvchi xalqaro kelishuvni ma’qulladi. Loyiha Markaziy Osiyo va Kavkaz orqali Yevropaga yangi energetik yo‘lak yaratishni nazarda tutadi.
Qozog‘iston energetika vaziri Yerlan Akkenjenovning ma’lum qilishicha, loyihaning asosiy qismi Kaspiy dengizi tubidan yuqori kuchlanishli doimiy tok kabelini o‘tkazishdan iborat bo‘ladi.
Ushbu infratuzilma orqali energiya Ozarboyjonga yetkazilib, keyin Qora dengiz orqali Yevropa davlatlariga uzatiladi.
Loyiha doirasida Qozog‘iston, O‘zbekiston va Ozarboyjon energetik tizimlarini yagona strategik yo‘lakka birlashtirish rejalashtirilgan.
Bu nafaqat elektr energiyasini, balki kelajakda ekologik toza vodorod va ammiakni ham Yevropa bozoriga eksport qilish imkonini yaratadi.
Hozirda loyiha amalga oshirishning faol bosqichida bo‘lib, uning texniko-iqtisodiy asoslantirish ishlariga Italiyaning yetakchi energetika konsalting kompaniyalaridan biri — CESI jalb qilingan.
Mutaxassislar kabelni o‘tkazishning texnik parametrlari va moliyaviy modelini ishlab chiqish ustida ish olib bormoqda.
Tashabbusni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Osiyo taraqqiyot banki hamda Osiyo infratuzilma investitsiya banki grant ajratishini bildirgan. Texnik-iqtisodiy asoslantirish ishlari uchun taxminan 1 mln yevro talab qilinadi.
Xabar qilinishicha, banklar mazkur bosqichni moliyalashtirish uchun grant shaklida 2 mln dollar ajratishga tayyor ekanini tasdiqlagan. Bu mablag‘lar loyihaning dastlabki bosqich ehtiyojlarini to‘liq qoplashi mumkin.
Loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarboyjonning milliy elektr tarmoqlari operatorlari ishtirokida «Yashil yo‘lak alyansi» nomli qo‘shma korxona tashkil etilgan. Hozirda tomonlar kabel qurilishi va energetik yo‘lakni rivojlantirish bo‘yicha muntazam muzokaralar olib bormoqda.





