Yarim asr ichida ilk marta «NASA» to‘rt nafar astronavtni Oyga jo‘natadi

Bugun 09:302 daqiqa

Missiya taxminan o‘n kun davom etadi. Ekipaj Oy yuzasiga qo‘nmasdan, uning atrofida aylanib chiqadi va keyin Yerga qaytib keladi.

Yarim asr ichida ilk marta «NASA» to‘rt nafar astronavtni Oyga jo‘natadi

Milliy Aeronavtika va Fazo Boshqarmasi (NASA) 1-aprel kuni to‘rt nafar astronavtni Oy orbitasi bo‘ylab parvozga jo‘natishga tayyorligini e’lon qildi. Texnik muammolar bartaraf etilgach, Yer yo‘ldoshiga yarim asr ichida birinchi marta amalga oshiriladigan boshqariladigan parvoz sanasi tasdiqlandi. Bu haqda «The New York Times» nashri xabar berdi.

«Artemis II» missiyasi taxminan o‘n kun davom etadi: ekipaj Oy sirtiga qo‘nmagan holda uni aylanib o‘tib, Yerga qaytadi. Parvoz «Space Launch System» raketasi yordamida amalga oshiriladi. Ekipaj tarkibidan komandir Rid Uayzman, uchuvchi Viktor Glover, shuningdek, mutaxassislar Kristina Kox va Jeremi Xansen joy olgan.

Aprel oyidagi parvozga fevral oyida aniqlangan vodorod sizib chiqishi va geliy yetkazib berishdagi muammolar bartaraf etilganidan so‘ng imkon tug‘ildi. Muhandislar nosoz zichlagichni almashtirib, yakuniy tekshiruvlar uchun raketani yig‘ish sexiga qaytardilar.

Dastur menejeri Shon Kuinnning so‘zlariga ko‘ra, raketani uchirish maydoniga olib chiqish 19-martga rejalashtirilgan.

Parvoz oynasi oltita ehtimoliy sanani o‘z ichiga oladi: 1-apreldan 6-aprelgacha. Agentlik vakillari «Artemis II» sinov parvozi ekanini va shu sababli ma’lum bir xavf-xatarlar mavjudligini ta’kidlamoqda.

«Artemis» («Artemida») dasturi 1972-yilda yakunlangan «Apollo» («Apollon») missiyalarining davomchisi hisoblanadi. Oldingi bosqich — «Artemis I» 2022-yil oxirida uchuvchisiz rejimda bo‘lib o‘tgan edi. Navbatdagi qadam esa 2028-yilda Oyning Janubiy qutbi hududiga ikki astronavtni tushirish rejalashtirilgan «Artemis III» missiyasidir.

Teglar

Mavzuga oid