O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi hududlar bo‘yicha alohida belgilanadi
O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlarini har bir hudud uchun alohida hisoblash rejasi e’lon qilindi.

O‘zbekistonda kambag‘allikni aniqlash mezonlari yangilanishi kutilmoqda. Bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Jurayev ma’lum qilishicha, yil oxiriga qadar minimal iste’mol xarajatlari hududlar kesimida differensiyalashtirilishi rejalashtirilgan. Bu haqda u 12-mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, mamlakatda kambag‘al oilalarni aniqlash milliy mezoni Jahon banki bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Mazkur tizim aholining minimal iste’mol xarajatlari qiymatini belgilash orqali amalga oshiriladi.
Joriy yilda ushbu ko‘rsatkich bir kishi uchun oyiga 715 ming so‘m etib belgilangan. Daromadi ushbu miqdordan kam bo‘lgan oilalar «kambag‘al oila» sifatida ro‘yxatga olinadi.
1-mart holatiga ko‘ra, mamlakatda kambag‘al oilalar soni 407 mingtani tashkil etmoqda. Bu oilalarda yashovchi aholi soni esa taxminan 1,6 million nafarga teng. Shu bilan birga, ayrim oilalarning reyestrga kiritilishi yoki undan chiqarilishi natijasida bu ko‘rsatkich doimiy ravishda yangilanib boradi.
Daromadlarni hisoblashda faqat rasmiy maosh emas, balki norasmiy daromad manbalari ham hisobga olinadi. Masalan, xorijda mehnat migranti sifatida ishlayotgan fuqarolarning yuborgan mablag‘lari, shuningdek, dehqonchilik yoki chorvachilik bilan shug‘ullanishdan olinadigan daromadlar ham nominal daromad sifatida inobatga olinadi.
Marat Jurayevning ta’kidlashicha, mamlakatning turli hududlarida daromad darajasi bir xil emas. Masalan, Qoraqalpog‘istonning Bo‘zatov tumanida taksi haydovchisining daromadi Toshkent shahri Olmazor tumanida shu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi fuqaroning daromadidan farq qilishi mumkin. Shu bois minimal iste’mol xarajatlari ham hududlar sharoitiga mos ravishda belgilanishi lozim.
Shu maqsadda Jahon banki mutaxassislari bilan hamkorlikda hisob-kitoblar olib borilmoqda. Rejaga ko‘ra, yil yakuniga qadar minimal iste’mol xarajatlarining hududlar kesimidagi yangi hisob-kitoblari tayyorlanadi.
Shuningdek, Jo‘rayevga ko‘ra, 2026 yilda minimal iste’mol xarajatlari birinchi marta umumiy inflatsiya ko‘rsatkichidan past darajada indeksatsiya qilingan. Bu ko‘rsatkichni hisoblashda oziq-ovqat, nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar narxi hisobga olinadi. Bunda asosiy ulush oziq-ovqat savatiga to‘g‘ri keladi.





