
Isroil va HAMAS 60 kunlik otashkesim bo‘yicha kelishuvga erishdi — OAV
30.05.2025 | 08:0019653
Isroil va HAMAS G‘azo sektorida 60 kunlik vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Al Arabiya telekanali o‘z manbalarga tayanib xabar tarqatdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Steven Uitkoff ikki tomonning kelishuvga rozi ekanini tasdiqlovchi rasmiy xabarni olgan.
Al Arabiya nashriga ko‘ra, kelishuv matni Uitkoff tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, uning ijrosi va monitoringi AQSH, Misr va Qatar tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu uch davlat, shuningdek, 60 kunlik muddat yakunlangach, kelishuvni uzaytirishda kafil sifatida ishtirok etadi.
The Jerusalem Post nashri xabarida, kelishuv doirasida 10 nafar isroillik asir ozod qilinadi, shuningdek, Isroilga 18 nafar halok bo‘lgan shaxsning jasadi qaytarilishi rejalashtirilgan. Qo‘shimcha qilinishicha, Isroil armiyasi yaqinda egallangan G‘azodagi hududlardan chiqib ketadi. Insonparvarlik yordamini taqsimlash ishlari esa yana BMT nazoratiga o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, bu Isroil va HAMAS o‘rtasidagi birinchi o‘t ochishni to‘xtatishga oid kelishuv emas. Ilgariroq ham shunday muzokaralar bo‘lib o‘tgan, lekin so‘nggi marta mart oyidagi shartnoma uzaytirilmay qolgan edi.
May oyida Isroil «Gideon aravasi» nomli yangi keng ko‘lamli harbiy operatsiyani boshlaganini e’lon qilgan, unda SAHALning asosiy piyoda va tank brigadalari hamda zaxira qismlari ishtirok etgan edi.
28 may kuni Uitkoff Oq uyda matbuot anjumani o‘tkazib, AQSH yaqin kunlarda Isroil va HAMASga yangi otashkesim shartlarini rasmiy ravishda taqdim etishini ma’lum qilgan edi.





